Afg‘oniston hukumati mingdan ortiq “Tolibon” a’zolarini ozod qildi

AP Photo / File

Bugungi kunga qadar Afg‘oniston hukumati ming nafar “Tolibon” terrorchilik harakati (O‘zbekistonda taqiqlangan) a’zolarini qamoqdan ozod qildi, deb ma’lum qildi mamlakat Milliy xavfsizlik kengashi.

Bir kun ilgari “Tolibon” harakatining Qatardagi rasmiy vakili Suxeyl Shaxin ularning qo‘lida asir bo‘lib turgan 48 nafar Afg‘oniston harbiy xizmatchilarining ozod etilgani to‘g‘risida ma’lum qilgan edi.

“COVID-19 infeksiyasi bilan kurashish maqsadida va tinchlikka erishish uchun hukumat qo‘poruvchilik harakatlarini amalga oshirmaslikka qasamyod qabul qilgan 1000 nafar tolibon mahbuslarini ozod qildi. Endi “Tolibon” harakati ham Afg‘oniston mudofaa va xavfsizlik xodimlarini ozod qilishni tezlashtirishi, ommaviy zo‘ravonliklarni to‘xtatishi va hukumat bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar olib borishga tayyorlanishi zarur. Bu ishni ortiq kechiktirib bo‘lmaydi”, deyilgan kengashning Tvitter sahifasida e’lon qilingan xabarda.

AQSh va “Tolibon” o‘rtasida erishilgan kelishuvga asosan “Tolibon” harakati Afg‘oniston hukumatidan qamoqxonalardagi 5 ming nafar kishini ozod qilishni talab qilmoqda. O‘z nafbatida, Afg‘oniston hukumati bosqichma-bosqich 1,5 ming nafar mahbusni ozod qilishga rozi bo‘ldi.