Afg‘oniston vitse-prezidentiga suiqasd uyushtirildi
Afg‘oniston vitse-prezidenti Amrulla Solihga suiqasd uyushtirildi. Portlash oqibatida u jabrlanmadi, ikki kishi halok bo‘ldi. Bu haqda 9 sentyabr kuni Solih matbuot xizmati vakili Facebook sahifasida xabar berdi.
“Afg‘oniston dushmani yana bir bor Amrulla Solihga ziyon yetkazishga urindi. Ammo Amrulla Solihga ziyon yetmadi”, deyilgan xabarda.
Portlash 9 sentyabr kuni ertalab, Qobulning Taimani maydonida sodir bo‘ldi. Portlash oqibatida ikki kishi halok bo‘ldi va yana yetti kishi jarohatlandi.
Guvohlardan birining RIA Novostiga bergan xabariga ko‘ra, bomba vitse-prezident korteji harakatlanayotgan yo‘lda portlatilgan, jabrlanganlar orasida Solihning qo‘riqchilari ham bo‘lgan.
Keyinchalik Tolo News telekanali Afg‘oniston vitse-prezidenti Amrulla Solih kortejiga uyushtirilgan hujum oqibatida halok bo‘lganlar soni 10 kishiga yetganini ma’lum qildi.
Solihning o‘zi videomurojaatda qo‘riqchilari jarohatlanganini, uning o‘zi esa qo‘l va yuz qismidan biroz jarohat olganini ma’lum qildi.
“Tolibon” harakati vakillari, bo‘lib o‘tgan hodisaga aloqasi yo‘qligi haqidagi murojat bilan chiqish qildi.