Afg‘onistonda bir qator teraktlar: o‘nlab qurbonlar bor

Afg‘onistonda Tolibon rahbariyati payshanba kuni mamlakatning turli shaharlarida sodir etilgan qator teraktlar qurbonlarining oila a’zolariga hamdardlik bildirdi va hodisa tashkilotchilarni topib, jazolashga va’da berdi.

Yangilangan ma’lumotlarga ko‘ra, Mozori Sharifdagi shia masjidida yuz bergan portlash oqibatida kamida 30 kishi halok bo‘lgan, 80 kishi jarohatlangan. Teraktlar uchun javobgarlikni hech bir guruh o‘z zimmasiga olmadi.

Qunduzdagi masjidda sodir bo‘lgan portlashda kamida 10 kishi halok bo‘ldi, 15 kishi yaralandi.

Kobuldagi portlashda ham ikki bola yaralandi. Nangarhor viloyatida esa mina portlashi oqibatida to‘rt nafar Tolibon harbiysi halok bo‘ldi.

«Xavfsizlik kuchlari “isyonchi va yovuz kuchlarni yo‘q qilish bo‘yicha yaxshi tajribaga ega”. Shunday ekan, bu jinoyatlar uchun javobgarlar “tez orada qo‘lga olinadi va jazolanadi”, dedi o‘z bayonotida Afg‘oniston hukumati vakili.