Ahmadjon Muxtorov kim edi?!

O‘tgan asrning 80-90-yillari o‘zbek matbuotida “A.Muxtorov” degan imzo (Alloh rahmat qilsin!) juda ham mashhur edi. Kimsan – Samarqand viloyatining “Lenin yo‘li” (hozirda “Zarafshon”) gazetasi rahbarligidan to‘ppa-to‘g‘ri Markazqo‘mga bo‘ysunuvchi “Qishloq haqiqati” gazetasiga bosh muharrir bo‘lib kelgan, ko‘p o‘tmay, Oliy Majlis shafe’ligida “Xalq so‘zi” gazetasini tashkil etib, uni ommaga suyumli qilgan ma’lumu mashhur publitsist!..

Tanimaganlar, u kishidagi jiddiylik va qat’iyatni ko‘rib, kattakon arbob deb o‘ylardi.

Haqrost, Ahmadjon Muxtorov muharrirlar arbobi edi!

SSSR xalq deputati Ahmadjon Muxtorovning qizil imperiya minbarlari-yu matbuotida o‘zbek xalqi manfaatini qattiq turib himoya qilgani bugun ehtimol kimlargadir arzimas bo‘lib tuyular, ammo o‘sha davrda xalqparvar, jasoratli odamlargina shunday qilganini unutmaslik lozim. O‘zbekiston jurnalistikasi darg‘alaridan bo‘lgan bu insonni mustaqillik tengdoshlari tanimaydi, ammo yoshi ulug‘ ziyolilar “ro‘yi zamin” farzandini hamon hurmat bilan esga oladi. To‘g‘risini aytsam, bu odamning suhbatida bo‘lmaganman, lekin chiqargan gazetalari, yozgan maqolalarini o‘qib, dovrug‘i doston bu zotni o‘zim uchun kashf qildim. Taassurotlarimni sizga ham aytgim keldi.

“Zarafshon” gazetasining 100 yilligi munosabati bilan nashr etilgan “Biz “Zarafshon”danmiz” maqolalar to‘plamida SamDU professori Bekmurod Yo‘ldoshev “1973 yilda gazetaga tug‘ma iste’dod sohibi, o‘zbek va rus tillarida erkin ijod qiladigan mohir publitsist Ahmadjon Muxtorov muharrir etib tayinlandi. O‘sha vaqtdan to 1980 yilning o‘rtalarigacha u rahbar sifatida gazeta ommaviyligi va salohiyatini yanada oshirdi. O‘nlab yosh muxbirlarni tarbiyaladi, Samarqand jurnalistikasi maktabini yaratdi. Buning samarasi o‘laroq, Anvar Jo‘raboyev, Abdurashid Abdurahmonov, Mirsharif Xo‘jayev, Adham Hayitov, Habib Temirov, Farmon Toshev, Sulaymon Husainov, Aziz Yo‘ldoshev, Jamol Tursunov, Tog‘aymurod Shomurodov kabi yuzlab qalami qayralgan ijodkorlar yetishib chiqdi”, deya e’tirof etadi.

Samarqand adabiy muhitida muhri bor Ahmadjon aka Toshkentga – Markazqo‘m gazetasiga mo‘min-qobil dastyor bo‘lish uchungina kelmaydi. Komfirqaning muz qotgan matbuotini eritish, xalqqa yaqinlashtirish chakana gapmi?

Menimcha, “jurnalist” so‘zining o‘zagi o‘zbekchasiga “jur’at” bo‘lsa kerak. Ahmadjon akaning jur’atli muharrir ekaniga bir misol. “Qishloq haqiqati” gazetasining 1988 yil 17 fevral sonida ma’rifatparvar Abdurauf Fitratning “Qiyomat” xayoliy hikoyasidan parcha e’lon qilinadi. Sahifa Narimon Orifjonovning “Aybsiz aybdorning oqlanishi” nomli maqolasi bilan ochilgan. Unda SSSR Oliy Sudi 1957 yil 16 sentyabrda ko‘pgina ijodkorlar qatori Fitratni ham oqlagan bo‘lishiga qaramasdan, bu olim va ijodkor merosini o‘rganish hamon paysalga solib kelinayotgani aytiladi. Holbuki, Tojikistonda Fitrat asarlari 1964 yilda kitob bo‘lib chiqqan ekan. Gazeta “Qiyomat” asarini ana o‘sha nashrga asoslanib tayyorlagan. Xullas, hikoyaning bir parchasi adabiy-badiiy jurnal yoki gazetada emas, O‘zkompartiyaning ijtimoiy-siyosiy minbari bo‘lgan “Qishloq haqiqati”da chop etiladi. Ammo “davomi bor” deyilishiga qaramasdan, asarning gazetada bosilishi negadir to‘xtab qoladi. Sababi ham ko‘rsatilmagan. Qiziqib, nashrni sonma-son kuzatib bordim. Daf’atan, 20 mart sonida “O‘zTAG” nomidan e’lon qilingan ikki sahifalik hisobot-maqolaga ko‘zim tushdi. O‘qib, savolga javob topganday bo‘ldim.

 

“O‘zTAG”ning yozishicha, O‘zbekiston Kompartiyasi Markazqo‘mida 19 mart kuni ijodkor ziyolilarning, ilmiy-pedagogik jamoalarning vazifalari muhokama etilgan katta anjumanda R.Nishonov tahliliy-tanqidiy ma’ruza qiladi.

Ko‘chirma:

“Tarixiy mavzulardagi munozaralar chog‘ida bir talay behuda, g‘o‘r, shov-shuvga sabab bo‘luvchi gaplar ham paydo bo‘lib qolganligini anglab olish zarur. Faktlarni, voqealarni, tarixiy shaxslarning faoliyatini yoritishda quyushqondan chiqishga yo‘l qo‘yilmoqda. Fitrat va Cho‘lponning ijodiy merosi respublika matbuoti sahifalarida zavq-shavq bilan, biryoqlama talqin etila boshladi. Holbuki, ular adabiyotshunoslikka oid va she’riy asarlar, Pushkin va Shekspirdan tarjimalar qoldirish bilan birga, panturkizm va milliy mahdudlik mafkurasini ham qoldirganlar”.

Muhtaram gazetxon, unutmang, o‘qiganingiz 38-yildagi tergov-ayblov xulosasidan olingan iqtibos emas. Bu 1988 yildagi gap, ya’ni qatag‘on davridan ellik yil o‘tgandan so‘ng respublikaga rahbarlik qilgan arbobning ma’ruzasidan parcha. Rahbarlarimiz ma’rifat fidoyilaridan nega buncha cho‘chidi ekan-a?! Gap faqat hukmron siyosatdami yoki Fitrat ijodida?! Shu savolga javob izlab, professor Fitratning bizga ma’lum bo‘lgan asarlarini varaqladim. Serqirra ajdodimiz Kompartiya qo‘rqsa qo‘rqquday gaplarni ko‘p va xo‘p aytgan ekan. Allomaning 1919 yilda “Ishtirokiyun” gazetasining bir nechta sonida bosilgan “Sharq siyosati” asaridagi mana bu gapga e’tibor qiling.

Ko‘chirma:

“Sharqg‘a madaniyat maktablari, insoniyat madrasalari ocharmiz deb kelgan Ovrupa jahongirlari fohishaxona va mayxonadan boshqa bir narsa ochmadilar. Ajabo, Ovrupa jahongirlari bu ishlarini bilibmi qildilar, bilmasdanmi qildilar? Albatta, bilib qildilar, jo‘rttaga qildilar. Unlarning tilaklari bizg‘a madaniyat berib, bizda maorif tarqatish, bizni taraqqiy etdurmak emas, turli fohishaxonalar, mayxonalar ochib, bizning axloqimizni buzmoq, bizning sog‘lig‘imizni xarob etmak va urug‘imizni qurutib, bizni ishdan chiqarmoq va o‘z qo‘llarig‘a muhtoj qilib qo‘ymoqdir”.

“To‘g‘ri gapning to‘qmog‘i bor” degan gap rost ekan. Ana shunaqa, iloyo, go‘ri nurga to‘lsin fidoyi bobolarimizning. Lekin, yarim asr o‘tib ham, haqiqatpeshaligi uchun iliq so‘z o‘rniga haqorat eshitgani dilni xira qiladi. Boz ustiga, kaltabinligimiz sabab gazetani ma’rifatnomaga aylantirmoqchi bo‘lgan muharrirning bosib qo‘yilgani-chi! Bir qadam tashlagan edik, ikki qadam orqaga chekindik. Ammo…

YuKSAK MARTABALI… MUNOFIQ

Xo‘sh, “Qiyomat”-ku chala qolib, tahririyat tavbasiga tayantirilibdi. Markazqo‘m bunday “bebosh”lar tanobini tortish uchun qattiq chora-tadbirlar belgilabdi. Ammo, o‘sha yillari, rostini aytganda, xalqimiz boshida qiyomat qoyim bo‘lib, milliy uyg‘onish “milliy mahdudlik mafkurasi” tamg‘asi ostida ta’qib qilinayotgan edi. Begunohlar dodlab yotgan 1988 yilning ko‘klamida SSSR davlati rahbari Mixail Gorbachyov Toshkentga keladi. Qizilposhshoning tashrifi-yu Markazqo‘mning Navro‘z arafasidagi yig‘ilishi orasida ko‘zga ko‘rinmas qalin rishta bor. Yangi tayinlangan birinchi kotib ishonchni qozonish uchun mana shunday haqoratli “Bosdi-bosdi”larga zo‘r berib, qanday bo‘lmasin, sovet davlati rahbarining nazaridan qolmaslikka tirishar edi. G‘imirlab qolgan ziyolilarga yon bosish o‘lim bilan barobar! Salaflari boshiga tushgan qora kun unga ham yetishi mumkin!

Respublika rahbari sovet davlati an’anasiga ko‘ra yuksak martabali mehmonni yasatilgan, o‘ziga to‘q xo‘jaliklardan biri, Toshkent tumanidagi Karl Marks nomidagi jamoa xo‘jaligiga olib boradi va “O‘rnatilgan tartib”ga ko‘ra, “olam guliston” degan qo‘shiqni xirgoyi qilib, mehmon qarshisida qo‘l qovushtiradi.

O‘zbekiston bahoridan zavqlangan Bosh kotib hayratini yashira olmay: “Shaftoli chiroyli gullar ekan, birinchi ko‘rishim”, deydi.

Xullas, M.Gorbachyov “Men O‘zbekistonni bilaman, deyarli hamma oblastlarida bo‘lganman. Toshkent, Buxoro, Samarqand, Navoiy, Zarafshon, Namangan, Farg‘ona, Andijonda bo‘lganman. Ko‘p narsani ko‘rganman, ishlab chiqarishda, qishloqlarda yoshlar, oqsoqollar bilan uchrashganman” deya maqtanadi. Bu gaplardan quvongan o‘zbekistonliklar qizil imperiya rahbarini o‘zgacha bir mehr bilan tilga oladi. Har bir so‘z va e’tirofni yaxshilikka yo‘yadigan xalqimiz bu tashrifga juda-juda ko‘ngil bog‘laydi.

M.Gorbachyov “Algoritm” zavodida ishchilar bilan gaplashib, “O‘zbekiston butun mamlakatga mahsulot yetkazib beradi va o‘zi ham hamma joydan mahsulot oladi, olganda ham yuborganiga qaraganda ko‘proq mahsulot oladi” deb ta’kidlaydi. Uning bu gapida Respublika va uning xalqi Markaz uchun boqimanda, degan ochiq ishora bor edi.

Paxtakor el ne-ne umidlar bilan har gal intiq bo‘lmasin, kommunistlar sardorining kelib-ketishi O‘zbekiston uchun hech qanday foyda keltirmaydi, aksincha, “O‘zbek ishi”, “Paxta ishi” degan haqoratlarning “piligi”ni ko‘taradi. Buning isboti sifatida respublika rahbarining “Argumenti i fakti” gazetasi muxbiri P.Lukyanchenko bilan qilgan gurungini eslash kifoya. “Haqiqat orqali poklanish” sarlavhali suhbatni gazetaning 1988 yil 16 sentyabr sonida o‘qish mumkin. Mazkur muloqot “Sovet O‘zbekistoni” gazetasining 214-sonida ham chop etilgan. “AiF” muxbiri O‘zkompartiya yetakchisiga “SSSR Prokuraturasining tergov gruppasi ishini Siz qanday baholaysiz? – deydi. O‘zbekiston rahbari mustabidlar chizgan chiziqdan chiqolmay, “G‘oyat ijobiy baholayman…” deya javob beradi.

Qonxo‘r guruhning butun bir xalqni nima uchun nazar-pisand qilmagani, haybarakallachi Markazqo‘mning Cho‘lponu Fitratlarni yana badnom qilishga intilgani, menimcha, tushunarli bo‘ldi-yov!

MUXTOROV – MEDVEDEV MUNOZARASI

A.Muxtorov “Toshkent oqshomi” gazetasining 1990 yil 12 yanvar sonida chiqqan “Adolat tantana qilg‘usidir” sarlavhali suhbatda xalqimiz boshiga yog‘ilgan nohaqlik va adolatsizliklar haqida gapira turib, “O‘zbek jurnalistikasi shu darajada qoloqlikka tushib qolganki, o‘z haq-huquqini himoya etganicha Markaziy matbuot sahifalaridan turib hayqiradigan azamat topilmadi!” – deydi. Maqolada shovinizm qanday kulfat ekani, undan kimlar jabr ko‘rgani misollar orqali ochib berilgan.

Ko‘chirma:

“SSSR xalq deputatlarining birinchi s’yezdida men Roy Medvedevning komissiyani boshqarishiga qarshi chiqqandim. Chunki uning to‘g‘rini to‘g‘ri, noto‘g‘rini noto‘g‘ri deyishiga ishonchim komil emasdi. Taxminim haqligi ko‘p o‘tmay aniqlandi – R.A.Medvedev o‘zini goh u yonga, goh bu yonga tashlayverdi. Gdlyan va Ivanovga qarshi dalillar son-sanoqsizligiga ko‘zi yetgach, adolat tarozisining tutqichini ushlaganday bo‘ldi. Lekin hali ham uning og‘machiligi ba’zan sezilib qoladi. Italiyada chiqadigan “Unita” gazetasi muxbiri bilan musohabada u o‘zbek xalqi sha’niga haqorat so‘zlarini yog‘dirganligi, o‘zbekistonlik deputatlarga mensimaslik qilganligi, s’yezd ko‘rsatmalarini buzganicha SSSRdagi jamiki ma’muriy mahkamalar faoliyatini tekshirishdek vakolatni o‘zboshimchalik ila zimmasiga olganligi, s’yezd tuzgan komissiya ishini bo‘yashga uringanligi uchun u bilan “yoqama-yoqa” bo‘ldim. Natijada Roy Aleksandrovich O‘zbekiston radiosi va televideniyesi orqali respublikamiz mehnatkashlaridan uzr so‘radi”.

Mustabid tarixchining uzrxohligi Ahmadjon akani qoniqtirmaydi. Xalqqa nisbatan o‘ta bepisand aytilgan gap tagida gap borligini chuqur anglagan publitsist dahshatli illatni atroflicha tahlil qilishga urinadi. A.Muxtorov xalq nazarida demokrat bo‘lib ko‘ringan ayrim arboblar aslida zulm saltanatining qo‘riqchisi ekanini isbotlaydi. “Yosh leninchi” gazetasining 1991 yil 15 mart sonida chop qilingan “Arboblar to‘qnashganda” maqolasi “desantchi”lar homiysi haqida edi.

Ko‘chirma:

“Bir voqeani xotiramdan chiqarolmayman. Gdlyan va Ivanovning O‘zbekistonda qilgan qonunbuzarliklari atrofida o‘tkir munozara boshlangan, ularni SSSR xalq deputatligidan chaqirib olish masalasi o‘zbekistonliklar tomonidan qat’iy qo‘yilgan bir paytda, Boris Nikolayevich bu kimsalarning ashaddiy tarafdori ekanligini sezib qoldim. Shunda men minbarga ko‘tarilib: “Bilasizlarmi, o‘rtoqlar, ana shu ikki g‘alamis bir paytlar Boris Nikolayevich Yelsinni ham poraxo‘rlikda (Toshkentdan ikkita gilamni sovg‘a tariqasida olib ketishda ) ayblash uchun qamoqqa olinganlarni qiynoqqa tutib, ko‘rgazma berishni talab etgan, mening qo‘limda buni isbotlovchi hujjat bor”, – dedim. Deputatlar orasida jonlanish boshlandi. B.N.Yelsin esa pinagini ham buzmadi. So‘ngra men Gdlyan haqidagi fikrini aniq bilish maqsadida, unga xat yozib topshirdim. U inson huquqlarini poymol etgan buzg‘unchi shaxsni “yomon odam emas, uning katta xizmatlari bor” deya baholagach, qo‘limni yuvib, qo‘ltiqqa urdim”.

“BU KUNNI ESLARLAR…”

1991 yilning ilk kuni O‘zbekiston ma’rifiy hayotiga o‘ziga xos yangilik olib kiradi. Oliy Kengash muassisligida “Xalq so‘zi” gazetasi chiqa boshlaydi (Gazetaning nishona soni 1990 yil 29 oktyabrda bosmadan chiqqan). Cho‘lponning “Xalq dengizdir, xalq to‘lqindir, xalq kuchdir!” satrini shior qilgan yangi nashr nomini kirill va nasta’liqda yozib, gazetxonlarga yanada tushunarli bo‘lishi uchun yil, oy, kunni milodiy, hijriy qamariy va hijriy shamsiyda ham ko‘rsatib o‘tgan edi.

1989-1991 yillarni o‘zbek jurnalistikasining, jumladan matbuotning oltin davri desak mubolag‘a bo‘lmaydi. “Yosh leninchi”, “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetalari, “Yoshlik”, “Yosh kuch”, “Mushtum”, “Fan va turmush” jurnallari yuz minglab nusxada bosilar, matbuot tom ma’noda haqiqat minbari edi. Ana o‘sha nashrlar qatoriga “Xalq so‘zi” gazetasi ham kelib qo‘shiladi. “Qovun-qovundan rang oladi”, deganlaridek, yangi nashr safdoshlaridan ortda qolmaslikka, teppa-teng qadam tashlashga intildi. Gazeta nishona soni bilan xalq tiliga tushib, o‘quvchilari ko‘paygandan-ko‘payadi. Bu muvaffaqiyat o‘sha vaqtda Habib Temir, Anvar Jo‘raboyev, Abdunabi Boyqo‘ziyev, Nabijon Sobir, O‘rinboy Usmon, Jo‘ra Sa’dulla, Muhtarama Ulug‘, Habibulla Olimjon, Tojiddin Razzoq, Ismat Xudoyor, Tohir Doli o‘g‘li, Esirgap Boli kabi ijodkorlar zahmati evaziga kelgan edi.

Xalq orasida “Do‘sting kimligini aytsang, men sening kimligingni aytaman”, degan naql yuradi. Ahmadjon aka atrofiga xuddi o‘zi kabi qalamkashlarni yiqqanida mazkur hikmatli gapni tasdiqlashni o‘ylab ham ko‘rmagan. Bunday uyushuv qalb ehtiyoji, ruh, maslak va g‘oya talabidan kelib chiqqani shubhasiz.

Soyasi bor odam shunday bo‘lar ekan-da!

Nomi zikr etilganlarning ko‘pchiligi milliy matbuotimiz sahnasida atoqli bo‘ldi.

“Xalq so‘zi” jamoasining maqsadi bir qo‘li bilan sotsializm, ikkinchi qo‘li bilan milliylik kemasini tutib turgan xalq tafakkurini, ruhiy dunyosini, milliy shaxsiyatni ko‘tarish bo‘lgan. Uyg‘ongan jamiyatga eski qo‘shiq singmaydi-da! Shu ma’noda, Muxtor Nosirning “Ehson uchun… quvg‘in”, “Desantchi”lardan biri”, Muhammad Sodiq Muhamad Yusufning “Bozordan cho‘chishning hojati yo‘q”, Nur Islomning “Bozordan boshqa yo‘l yo‘q”, Ibrohim Normatovning “Soxta mayinlik siri”, Habib Temirning “Jum’a namozi”, “Yonayotgan ayol”, Anvar Jo‘raboyevning “Biz kimmiz?”, Sobir O‘narning “Maoshdan nolimaydilar, lekin…”, Ochil Tog‘ayning “Tuhmatning ijtimoiy qiyofasi” kabi maqolalari xalqchilligi, uslubining sodda-samimiyligi sabab e’tibor topadi. Axir, “Niyat xayr – oqibat xayr” degan gap bor-ku? Aslida, tahririyat parlament va hukumatni xalqqa yaqinlashtirmoqchi edi. Bu1991 yil 17 martda bo‘lib o‘tgan umumxalq referendumida yaqqol ko‘rindi. Mana shu jarayonda “Xalq so‘zi” matbuotning erkin, xolis mavqeda bo‘lishi lozimligini namoyon etdi. “Ohangaron” gazetasi xodimi Ozod Xushnazarzoda “Mustaqillik nima?” maqolasida (“Xalq so‘zi”, 1991 yil 18 dekabr) shunday yozadi:

Ko‘chirma:

“Shu yilning 17 martida biz Ittifoqni to‘la yoqlab chiqdik. Ishonchim komilik, shu xalq 29 dekabr kuni O‘zbekiston mustaqilligini yoqlab chiqadi. Nahotki, xalqqa baribir bo‘lsa?..

Qiziq-da, o‘shanda bugun mustaqillik haqida jar solayotgan ro‘znomalar “yo‘q” degan so‘zni o‘chirishib, xalqqa “yo‘l” ko‘rsatishgandi. Televizor va radioda ham shu haqda erta-yu kech tashviqot qilindi. “Olmaliq haqiqati” shahar ro‘znomasining muharriri G‘ayrat Salimboyev (uning ro‘znomasi dominantda bosilmasdi) ertalabgacha “yo‘q” degan so‘zni siyohli ruchka bilan o‘chirib chiqqan edi. Xayriyatki, “Ohangaron” ro‘znomasi va Ahmadjon Muxtorov muharrirlik qilgan “Xalq so‘zi” ro‘znomasi buni o‘ziga ep ko‘rmadi”.

Hamisha va hamma davrda matbuot jamiyatda yetakchi kuch bo‘lishini istagan Ahmadjon Muxtorov rahbarligidagi “Xalq so‘zi” gazetasi maqeini hech ikkilanmasdan 60-yillar oxirida Ibrohim Rahim muharrir bo‘lgan “Guliston” jurnaliga mengzash mumkin. Tug‘ma matbaachilar boshqargan ijodiy jamoa muvaffaqiyatda bir-biriga o‘xshar ekan-da?!

“Biz “Zarafshon”danmiz” kitobida taniqli muharrir Ahmadjon Meliboyev “Ahmadjon Muxtorov tinim bilmay, yeng shimarib ishlaydigan, tahrir qalami bir zum to‘xtamaydigan muharrirlardan edi. Bunday muharrirlarni futbolda o‘yinchi-trenerga qiyoslashadi” deb yozadi. Gazeta taxlamlarini varaqlab, yuqoridagi fikr naqadar to‘g‘ri ekaniga iqror bo‘ldim. Rasmiy nashr rahbari xohlasa-xohlamasa turli katta-kichik majlis-muhokamalarda qatnashishi shart. Fikr va ruhning egovi bo‘lgan bunday dahmazalardan, qolaversa, tahririyatning ming bitta tashkiliy-moliyaviy masalalaridan ortib maqolalar bitish...

Rostini aytganda, bu maqolalar o‘zini ko‘rsatib qo‘yish yoki qo‘lning qichuvini qondirish uchun yozilmagan. Ahmadjon aka imzosini arzon sotadigan ijodkor emas edi.

Sanab chiqdim. Gohida Ahmadjon G‘ulomzoda, ba’zan Ahmadi Muxtor, aksariyat hollarda Ahmadjon Muxtorov deya imzo chekkan jurnalist olti oy ichida “Urush bo‘lmaydi deb, urush bo‘ldi-ya”, “Tomdan tarasha tushgandek”, “Har kim tor doirada o‘ylamasdan, umumiy manfaatni ko‘zlasin”, “O‘n imzo ostiga imzo”, “Birovdan kam, birovdan ziyod”, Anatoliy Kovalyov bilan hamkorlikda “Mevali daraxtga tosh otadilar”, Habib Temir bilan hamkorlikda “Bahor qaytib keladi”, “U aytmagan so‘z”, “Sinsa ko‘ngil shishasi” kabi yigirmaga yaqin maqola e’lon qilgan. Ulardan ba’zilariga qisqacha to‘xtalsak.

Ilk sondagi “Ko‘zning ochilishi” maqolasi yangi nashr ehtiyoji va millat ma’naviyatidan bahs qilsa, o‘sha sonda e’lon qilingan “Firdavsga uchdingmi, bulbuli go‘yo?” marsiyasi shoir va tarjimon Jonibek Quvnoq xotirasiga bag‘ishlangan. Do‘st yodiga e’timodu izzat-ikromni ko‘rib, tasanno deysiz. Marsiya ayriliq azobidan bo‘zlayotgan, hamdamini yo‘qotgan qalb nidosi bo‘lib quloqqa quyuladi. Uni o‘qib, o‘qiyotib tinglab, ne vaqt o‘ylanib qoldim: Ahmadjon aka muharrirmi, shoirmi yoki madrasa mudarrisi?! U kishining boshqa maqolalarini mutolaa qilganimda ham shu fikr xayolimdan nari ketmadi. Chunki tildagi fasohat va eng muhimi, saj usulida qofiyalanib keladigan so‘zlarni nozik his qilish, ichki ohangni saqlab qolish aytishgagina oson. Aksariyatimiz birini eplasak, birini boy beramiz.

A.Muxtorov “Yozishimiz kerak” (1991 yil 24-son) maqolasida gazetxonu deputatlarga, barcha muxlislarga hisob berar ekan, “Xalq so‘zi”ning dastlabki bir oylik ishi qoniqarsiz bo‘lganini ta’kidlaydi. Ma’muriy-buyruqbozlik tizimini jinidan badtar yomon ko‘rgan muharrir gazetada iztirob chekayotgan xalq dardi yoritilmayotganidan kuyunib, “Mahalliy kengashlar faoliyati-yu turmushning ichkarisiga kirish nari tursin, hatto darvozasi yaqiniga borolmadik. Xalq vakillari va ularni saylaganlar yuragidagi gaplar pinhonligicha qolmoqda” deydi. Matbuotga tazyiq borligini ham yashirmaydi. Gazetachilikda eskicha yondashuvlar, talab va tamoyillarning yashab qolayotganini tanqid qilib, “Ko‘p yillik an’ana (yaxshi emas, yomon) davom etayotir: biror sohani yoritmasangiz, “gap eshitasiz”, yoritay desangiz, hech kim o‘z ixtiyori bilan yozib yubormaydi, “uyushtirish”ga majbursiz. Oshkoralikning hozirgi bosqichida bundan voz kechish zarur”, deya uqtiradi.

Ahmadjon Muxtorovning 1991 yilning 9 may sonidagi “Men ham til o‘rganay, siz ham til o‘rganing” maqolasi o‘zbek tili haqidagi qonun ijrosiga bag‘ishlangan. Muallif bu o‘ta muhim hujjatga hafsalasizlik, “bo‘lsa–bo‘lar, bo‘lmasa – g‘ovlab ketar” qabilida yondashilayotganini tanqid qilib, hukumat hatto matbuotdagi chiqishlarga ham e’tibor qaratmayotganini, qonun ijrosini nazorat qiluvchi komissiya qo‘l uchida ishlayotganini birma-bir sanab o‘tadi. Maqola “Istardimki, o‘zbek tilining qonuniy hokimligini ta’minlashdek siyosiy, milliy, ijtimoiy, huquqiy masala alg‘ov-dalg‘ov, g‘ala-g‘ovur, tasir-tusir, chala-kemtik to‘qsoninchi yillarning dahshatli bo‘ronlari, chang-to‘zonlari ichra qolib ketmasa-yu umidbaxsh XXI asrga sof ona tilimizda “Assalom!”deb kirib borsak”, deya yakunlangan.

“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasining 1991 yil 18 yanvar sonida bosilgan “Ichamiz, ichamiz, ichamiz…” degan maqolasi aroqxo‘rga aylanib borayotgan o‘zbek musulmonlarining Sovet bayramlari mohiyatiga yetmay, mazmunini surishtirmay nishonlab kelayotgani haqida. Muallif ko‘r-ko‘rona sana nishonlash an’anasiga barham beraylik degan fikrni o‘rtaga tashlaydi.

Ko‘chirma:

“Qizil Armiya Turkistonning parchalanib ketishiga qanchalik hissa qo‘shganini, Frunze, Kuybishev, Budyonniy va boshqalar jafokash tuprog‘imizda ne-ne karomatlar ko‘rsatishganini, “bosmachi”, “quloq”, “kolxozga qarshi”, “xalq dushmani”, hokazo-hokazo tamg‘alar peshonamizga bosilganini, alp o‘g‘lonlarimiz jasadi solingan ochilmas tobutlar avval afg‘onlar yurtidan, hozir esa Rossiyadan keltirilayotganini, qurolli kuchlar mamlakat fuqarosiga qarata o‘q uzayotganliklarini o‘ylamay-netmay bayram qilamiz.

Ichamiz, ichamiz, ichamiz…

Dunyodagi qaysi elu elat shu ko‘yga tushgan, mustabidlik botqog‘iga bizchalik botgan, ayting! Bilmasam, bildiring, g‘alat gapirgan, xato qilgan bo‘lsam, xudo xayringizni bersin – to‘g‘rilang!

…Mening ko‘zim ochildi, aqlim kirdi, vijdonim tug‘yon urdi.

Mening o‘z dinim, diyonatim, mehrobim, imonim, e’tiqodim, millatim, o‘tmishim, bugunim, umidbaxsh kelajagim bor!

Endi kufrga qo‘l urmayman, o‘zga bayramlarga qiyo boqmayman va qasamyod etib, sizlardan o‘tinib so‘rayman:

Ichmaylik, ichmaylik, ichmaylik!”

“Xalq so‘zi” adabiyot, xususan she’riyat muhibi bo‘lgan bosh muharrir sa’y-harakati bilan Hazrat Navoiy ijod olamiga ko‘prik tashlaydi. “Yodlab oling”, “Til yaqinu dil yaqin” ruknida Navoiy ruboiylari va Navoiy lug‘ati o‘quvchilarga havola etib borilgan. Gazetaning 3-sonida Sulaymon Rahmonning “Menga bir do‘st kerak” degan kattagina she’ri chop etilgan. Shoir ham aslida gazeta tahririyati kabi xalqqa jasorat bilan istiqlol ehtiyojini uqtiradi:

“Menga bir do‘st kerak, qorako‘z kerak,

bo‘zchiman, bir yolchiy, menga bo‘z kerak,

bu serso‘z jahonda bitta so‘z kerak,

to qilg‘ay turonyurt so‘zini bitta.

Gadoga, bor-yo‘g‘i chaqa lozimdir,

tannozga pardoz – g‘am, upa lozimdir,

o‘zbekka shunday bir yoqa lozimdir,

ki qilg‘ay o‘zbekning boshini bitta.

Ey, xudo, qonun qil, bob qil, modda qil,

bu tarqoq ellarni o‘zing udda qil,

ularga shunday bir zotni katta qil,

to bilgay abadiy o‘zini bitta!..”

Vatan mavzusini shou-biznesga aylantirib olganlar shoirning Turon, Turkiston ishqida bitgan satrlarini o‘qisa, otdan tushib qolmasa kerak. Sulaymon Rahmon Biru borga bejiz nola qilayotgani yo‘q. Chunki o‘sha davrda sovet hukumati “Suveren respublikalarning Ittifoqi to‘g‘risida shartnoma” loyihasini e’lon qilgan edi. Mohiyat e’tibori bilan jumhuriyatlar erki va huquqini cheklovchi, istiqbolda ham Markazning hukmronligini saqlab qolishga qaratilgan hujjat, garchi “respublikalar – mustaqil davlatlar”dir deyilgan bo‘lsa ham, amalda quruq va’da, chiroyli yolg‘on edi.

“O‘Z ARIZASIGA ASOSAN…”

A.Muxtorov “Xalq so‘zi” gazetasining 134-sonini chiqarib, lavozimni tark etishga majbur bo‘ladi. Bu–1991 yilning 16 iyuli edi. 1991 yil 19 iyulda “O‘zAS” haftanomasida “O‘zbekiston SSR Oliy Kengashi Rayosatida” degan xabar bosilgan. “MM” – muassis – muharrir to‘qnashuvi haqidagi xabardan parcha keltiramiz.

Ko‘chirma:

“Navbatdagi majlisda “Xalq so‘zi” va “Narodnoye slovo” ro‘znomalari muharririyatlariga rahbarlik qilish va ularning ishini tashkil etishdagi jiddiy kamchiliklar to‘g‘risida”gi masala muhokama qilindi.

Respublika parlamentining matbuot organini yaratish bo‘yicha qilingan ishlar bilan bir qatorda, ro‘znomalar muharririyati faoliyatini tashkil etishda va ularga rahbarlik qilishda jiddiy kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgan. Muassisning nuqtai nazaridan va ko‘rsatmasidan jiddiy chekinishga yo‘l qo‘yilgan. Parlament, uning idoralari va joylardagi xalq saylab qo‘ygan vakillarning faoliyatini, aholining hayotiy manfaatlariga taalluqli bo‘lgan hamda bozor iqtisodiyotiga o‘tish, Ittifoqni yangilash va millatlararo munosabatlarni takomillashtirish bilan bog‘liq muammolarni yoritish o‘rniga sifati, haqqoniyligi va maqsadga muvofiqligi shubha tug‘diradigan bir qancha maqolalarning berilishi deputatlarda jiddiy e’tirozlar tug‘dirmoqda.

Rayosat o‘rtoq A.G‘.Muxtorovni o‘z arizasiga asosan ro‘znoma bosh muharriri vazifasidan ozod etish to‘g‘risidagi iltimosini qondirdi”.

Rasmiy nashr rasmiy bo‘lib qolishi kerak, deganlar xalqchillikka intilgan jamoani xavfli raqib deb hisoblaydi. Oqibatda, millatparvar muharrir mustabidlik qurboniga aylanadi. Gazetani 136-sondan 211-songacha bosh muharrir vazifasini bajaruvchi Namoz Sa’dullayev boshqarib turgan. O‘zbekiston mustaqilligi e’lon qilingan kun – 1 sentyabrdan boshlab gazeta negadir hijriy qamariy va hijriy shamsiy yil hisobini berishni bas qiladi. Lekin rayosat yig‘ilishdan ko‘p o‘tmay, A.Muxtorov respublika rahbarining tavsiyasiga ko‘ra bosh muharrirlikka qayta tiklanadi. Buning o‘ziga yarasha tarixiy sabablari bor. O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov A.Muxtorovni “Zarafshon” gazetasi muharrirligi paytida, qolaversa, SSSR xalq deputati sifatida yaqindan bilar edi.

O‘tgan qisqa davrda tahririyat va ijodiy xodimlar hayotida qanday voqealar sodir bo‘lgani haqida sal keyinroq to‘xtalamiz.

Gazetani 212-sondan boshlab qabul qilgan A.Muxtorov o‘z an’analarini, jumladan, yilning musulmoncha yuritiluvini tiklaydi. Lavozimga qayta tayinlangan muharrir hech narsa ko‘rmaganday, adolat va haqiqat yo‘lida avvalgidek shijoat bilan mehnat qiladi. Deyarli har hafta “Xalq so‘zi” sahifalarida uning maqolasini o‘qish mumkin edi. “Qonga sig‘inish”, “Qamoqda saqlanayotgan erkinlik”, “Jon olish – rohat, jon berish–dahshat”, “Qonsiragan ko‘zlar, munofiqona so‘zlar. Ogoh bo‘ling, Gdlyan bosh ko‘tarmoqda!” kabi nihoyatda dolzarb maqolalar shular jumlasidan.

Gazetaning 1991 yilgi 15 noyabr sonida “Xalq so‘zi” jamoasi mushtariylarga hasratli murojaat bilan chiqadi. Bu iltijo bosh muharrir yuragini tirnab yotgan qoniqmaslik hissi bilan yozilgan. Undagi “Sizdan biroz uzoqlashdik, didingizga mos ishlamadik, dilingizdagini yozolmadik, sahifalarni ko‘pincha rasmiy xabarlar bilan, boshqa ro‘znomalarnikidan farq qilmaydigan darajada chiqardik va hokazo qusurlarimiz bor...” degan iqrorni oshkor qilish uncha-muncha odamning haddi emas. Bu so‘zlar bir yuz besh kunlik boshboshdoqlik qanday oqibatga olib kelganidan darak edi. 1992 yilning birinchi yanvar soni 4-sahifasida yana “Xalq so‘zi” jamoasining murojaati chop etilgan. Xo‘sh, o‘quvchilarga bir yarim oy ichida ikki marta murojaat qilishdan maqsad faqat obunachilarni ko‘paytirish bo‘lmagandir?! Keyingi “Urilib-surilib, qoqilib-yiqilib” sarlavhali murojaatda tahririyat boshidan o‘tkazgan iztirobli tarix tafsiloti berilgan.

Ko‘chirma:

“Xalq so‘zi”bir yoshga to‘ldi. Aziz mushtariy bilan 1991 yilda ikki yuz ellik bir marta uchrashdi. U tug‘ilganda qo‘y so‘yib, ostonaga qon surtib, muftiy Muhammad Sodiq Muhammad Yusufga duoi fotiha o‘qitib, xatmi Qur’on tushirganimizni o‘shanda ro‘znomada yozib chiqqandik. Ammo taassuflarkim, yarim yo‘lga yetar-yetmas, yarim yoshga to‘lar-to‘lmas pinhona kuchlar uning beshigini buzib, umidini uzib, patlarini to‘zitib, qo‘lu oyoqlarini falaj etib tashlashdi. Sho‘rlikkina manglayning sho‘rini chiqarishdi.

Ataylab, ko‘rib-bilib, to‘g‘risi – ko‘rolmaslikdan, hasaddan… Bu sho‘r ish rosa bir yuz besh kun davom qildi.

Eslamaymiz, degan edik, eslash shartmidi? Ha, bo‘lmasam-chi! Axir, xalq bilishi, tarix bilishi kerak. Nimalarni? O‘nlab odamlar nohaq ishdan ketkazilganliklarini, maoshlar, qalam haqi qisqartirilganligini, ruscha va o‘zbekcha ro‘znomalarni qo‘shib-chatib g‘ayri sha’riy nikoh o‘qitganliklarini, mazmunu mundarijasining maza-matrasi qochganligini, shaklu shamoyil buzilganligini. Va, nihoyat, adolat tantanasi ko‘rinishida xatolar tuzatilganligini”.

Jamoa o‘quvchilar ommasidan yordam so‘rar ekan, yangi – 1992 yilga “yarim och, yarim yalong‘och kirib kelgani”ni yashirmaydi. Haqiqatan, o‘sha davrda qog‘oz narxi sun’iy ravishda oshirilgani sabab, barcha gazeta-jurnallar boshi berk ko‘chaga kirib qolgan edi. Obuna narxlarining ham qimmatlagani, pirovardida, oynoma-yu ro‘znomalarning yuz minglab muxlisdan ayrilishiga olib keladi. Shundog‘am qiyin iqtisodiy hayotga ro‘baro‘ kelgan omma ma’rifatdan beixtiyor uzoqlasha boshlaydi.

Muharrirlar ichida “olaqarg‘a” bo‘lib qolgan A.Muxtorov qattiq bosimga qasdma-qasd ishlab, gazetaning 48 ta sonini chiqarishga muvaffaq bo‘ladi. 1992 yilning 14 mart, 50-sonidan boshlab gazeta muassisi o‘zgarib, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasining ro‘znomasi sifatida chop etila boshlaydi. Kutilmagan yangilikka Oliy Kengash Rayosati va Vazirlar Mahkamasi izohi 50-sonda berilgan. Axborotda “o‘zboshimcha” muharrirdan qutilish yo‘lini oqlash, xaspo‘shlash uchun hukumatning biron-bir matbuot organiga ega emasligi ta’kidlanadi. Lekin asl maqsad hujjat so‘ngida bayon etilgan.

Ko‘chirma:

“Yangi ro‘znomalarga rahbarlikni tugatilgan ro‘znomalarning sobiq bosh muharriri A.G‘.Muxtorovga ishonib topshirish mumkin emas, degan fikrga kelindi. Bosh muharrir vazifasini bajaruvchi tayinlangunga qadar ro‘znomalar muassislar imzosi bilan chiqarib turiladi”.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashi Rayosatining “Ro‘znomamizning muhtaram o‘quvchilariga” degan murojaatida murakkab vaziyat deyarli batafsil bayon etilib, iddao uchun hatto eski gaplar ham qo‘zg‘algan.

Ko‘chirma:

“Taassufki, A.G‘.Muxtorov ishonchimizni oqlamadi. Vazifasiga qayta tiklanganligini o‘zicha tushundi, bergan va’dalarini unutdi. Buning oqibatida ro‘znomalarda kadrlarning o‘rnini almashtirish, ularni “begona” va “o‘ziniki”ga ajratish, nomaqbullardan qutilish yana qaytadan boshlandi. A.G‘.Muxtorov shaxsiy tarkibi Oliy Kengash Rayosati tomonidan tasdiqlangan tahrir hay’ati faoliyatini o‘zboshimchalik bilan to‘xtatib qo‘ydi. Oliy Kengash xodimlari va ro‘znomalarning ayrim ijodkorlari o‘z mulohazalarini aytganlarida esa og‘rindi.

Natijada, buni ochiq e’tirof etish kerak, Oliy Kengashning ro‘znomasi bo‘lgan “Xalq so‘zi” aslida o‘z oldiga qo‘yilgan vazifalarni bajarmay qo‘ydi, o‘zining mavzu yo‘nalishidan mahrum bo‘ldi. Buning ustiga, ko‘pincha haqiqiy ahvolni buzib ko‘rsatuvchi ig‘vogarona va tuhmatdan iborat uydirmalar bayon etilgan materiallar bosilishga yo‘l qo‘yildi”.

Shunday qilib, xalqqa haq so‘z sabog‘ini berishga uringan, o‘z fikriga ega bosh muharrir bo‘yniga “xalq dushmani” degan tamg‘a uriladi. Bu erkin so‘zni jilovlash va matbuotni mingi qilish kampaniyasi avj olayotgani belgisi edi.

Olim Toshboyev, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist, filologiya fanlari nomzodi.

Manba: O‘zA.