Aks-sado: «Chalasavodlik – illat»

«Zarafshon» gazetasining 2019 yil 21 fevral sonida ushbu sarlavha ostidagi maqolani o‘qib, o‘zimning ayrim fikr-mulohazalarim va takliflarimni gazetxonlar bilan o‘rtoqlashish istagi paydo bo‘ldi. Avvalo, muallif dolzarb muammoni keng jamoatchilik e’tiboriga havola etganligini ta’kidlash kerak. Savodxonlikni ta’minlash faqat ta’lim-tarbiya dargohlari – bog‘cha, maktab, oliy o‘quv yurtlarininggina vazifasi emas, butun jamiyatning, oila, korxona, tashkilot, muassasalarning ham burchi deb o‘ylayman. Albatta, bu ta’lim dargohlarining yetakchilik rolini inkor etmaydi.

Avvalo, yosh avlodga ta’lim-tarbiya berish uchun o‘qituvchi-murabbiyning o‘zi har tomonlama yetuk bo‘lishi, kasb mahorati, bilimini oshirish ustida muntazam ishlashi kerak.

Pedagogik yo‘nalishdagi oliy o‘quv yurtlari maktab bilan uzviy aloqani yo‘lga qo‘yishlari lozim. Oliy o‘quv yurti o‘zining bitiruvchisi maktabga ishga kelgandan keyin ham uning faoliyatini kuzatib borsin.

Oliy o‘quv yurti hamma fanlardan emas, bir yoki ikki fan bo‘yicha o‘qituvchi tayyorlashga ixtisoslashsin. Masalan, ilgari chet tili yoki rus tili o‘qituvchilari tayyorlaydigan institutlar bo‘lardi. O‘qituvchining o‘sha ixtisosi bo‘yicha malaka oshirishi yoki qayta tayyorlanishini ham shu dargohda tashkil etish maqsadga muvofiq. Shunda oliy o‘quv yurti bilan maktab aloqasi mustahkamlanadi.

Direktor jamoadagi eng fidoyi, bilimdon, haqgo‘y rahbar bo‘lishi, o‘qituvchi mehnatiga to‘g‘ri baho beradigan inson bo‘lishi kerak. Maktab direktorini maktab ishiga bog‘liq bo‘lmagan dahmazalardan xalos qilish kerak. Ko‘p hollarda ana shu muammolar tufayli ushbu lavozimga munosib o‘qituvchi direktorlikdan qochadi. Oqibatda uning o‘rnini nomunosib kishi egallaydi.

Maktabda, korxona, muassasa, tashkilotlarda ish yurituvchi va hujjatlar bilan ishlovchi xodimlar o‘rtasida bir yilda ikki marta diktant yozishni tashkil etish ham savodxonlikni oshirishga yordam beradi.

Jamiyatda chalasavodlikning ildiz otishida ayrim ommaviy axborot vositalari – davriy nashrlar, radio, televideniye eshittirishlari va ko‘rsatuvlarida o‘zbek tili qoidalariga rioya etilmayotgani ham sabab bo‘lmoqda.

Shu o‘rinda ixtisosligi, yo‘nalishidan qat’i nazar oliy o‘quv yurtlarida o‘zbek tilini o‘qitish va uni bitiruv davlat imtihoniga kiritish vaqti kelganini aytib o‘tish kerak. Negaki, o‘zbek tili gumanitar yo‘nalishda mutaxassis tayyorlaydigan oliy o‘quv yurtlaridan boshqa bilim dargohlarida ikkinchi darajali fanga aylanib qolganday nazarimda. Faqat boshlang‘ich kurslarda umumiy tarzda o‘qitish bilan cheklanishadi.

Ona tilimiz sofligi, go‘zalligi, to‘g‘ri o‘qilishi, yozilishi, talaffuz qilinishi kasb-korimiz qanaqaligidan qat’iy nazar barchamizning burchimizga aylanishi kerak.

Qayum TURG‘ON,

faxriy o‘qituvchi.