Aliment puli to‘lashdan bosh tortgan otaga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atildi
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Ishtixon tumanlararo sudining sud buyrug‘iga asosan qarzdor N.Majidov tomonidan undiruvchi A.Temirovaning foydasiga uch nafar farzandlarning voyaga yetgunlariga qadar moddiy ta’minoti uchun har oydagi ish haqi va boshqa daromadlarining ikkidan bir qismi miqdorida aliment pulini to‘lab borishi belgilangan. Bu haqda Zarnews.uz saytiga Majburiy ijro byurosi Samarqand viloyat boshqarmasi xabar bermoqda.
Aliment pullari qarzdor N.Majidov tomonidan qasddan to‘lab berilmaganligi sababli Oqdaryo tuman ma’muriy sudining qarori bilan N.Majidovga O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning 474-moddasi bilan 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan.
Fuqaro N.Majidov ma’muriy qamoq jazosini o‘tab chiqib, o‘ziga tegishli xulosa chiqarmasdan, qasddan voyaga yetmagan 3 nafar farzandlarini moddiy ta’minlashdan bo‘yin tovlab kelishi oqibatida bugungi kunda qarzdorligi 18 million 673 ming so‘mni tashkil etgan.
Mazkur holat yuzasidan Byuroning Oqdaryo tuman bo‘limi tomonidan fuqaro Nuralixon Majidovga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 122-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.