Aliment puliga tilla sirg‘a

Nazarimda biz insoniylikning eng go‘zal sifatlaridan bo‘lgan shukrni unutgandaymiz.

Sizga ham tanish manzarani ko‘z oldingizga keltirib ko‘ring. Atrofimizda meros talashib yoqavayron bo‘layotgan, bir umr yuz ko‘rmas bo‘lib ketayotgan aka-uka, opa-singillar yo‘qmi? Shifoxonada davolanayotgan otasi yoki onasining holidan xabar olmay yo‘liga qon qaqshatib qo‘yganlar-chi? Voyaga yetmagan, mehrga zor farzand uchun to‘lanadigan aliment pulini to‘lashdan qochib yurgan ota yoki hoyu havas ortidan quvib, chet ellarda yurgan, farzandiga onalik mehrini bermayotgan ayollar oramizda yo‘q, deb o‘ylaysizmi?

Yaqinda tuman markazidan uyga qaytayotgandim. Uch nafar yo‘lovchimiz. Haydovchi yana bir yo‘lovchi olishi kerak. Orqa o‘rindiqda o‘zaro suhbatlashib o‘tirgan ikki ayoldan biri, o‘rta yoshlardagi ayol nabirasining otasidan aliment pulini undirib olganini, to‘y bo‘layotgan qiziga tilla sirg‘a olish uchun ketayotganini aytib qoldi.

Hayron bo‘ldim. Nega aliment puli bolaning ta’minoti uchun, uning sog‘lom voyaga yetishi uchun emas, zeb-ziynat uchun sarflanishi lozim? Bu zebu ziynat farzand uchun nima qilib beradi?

Ma’lumki, farzandlarga ota-onaning moddiy va ma’naviy ko‘magi birday zarur. Turli sabablar bilan ajrashgan oila farzandlari uchun qabul qilingan qonunlarimiz ota yoki ona bola uchun moddiy ta’minot bilan ta’minlashni kafolatlaydi. Bu lug‘aviy ma’nosiga asosan ozuqa, kiyim-bosh, maktab o‘quv qurollari xarid qilishi uchun aliment hisoblanadi. Belgilangan alimentni vaqtida to‘lamagan ayrim ota-onalarga esa tegishli tartibda jazo choralari ko‘riladi.

- Men oliy ma’lumotli bo‘la turib adashdim, xato qildim. Taqdirimni amma-xolalarimga ishondim, - afsus bilan bosh chayqaydi hamsuhbatim ko‘zda yosh bilan. - Oqibatda yutqazdim. Shunday yutqazdimki, yonimdagi kattalar o‘z yaqinlarim, tug‘ishgan jigarlarim meni yo‘ldan adashtirdi. Men baxtli yashashga, to‘kin hayot kechirishga munosib edim. Ba’zan farzandimning istaklarini bajara olmasam ko‘zlaridagi ma’yuslikni ko‘rib, o‘zimni qo‘yarga joy topa olmay qolaman. Bolaga otaning ma’naviy ko‘magi, kechalari yig‘lab uyg‘onganda boshini silaydigan mehribon qo‘llari kerak ekan…

Birga oila qurishga ahdlashuv yoki nikoh yoshlar hayotidagi faqat baxtli odamlargina bo‘lib qolmay ayni paytda, eng muhim mas’uliyatli palla hamdir. Afsuski, ayrim ota-onalar, ularning qarindoshlari farzandlarining baxtli hayot kechirishlari uchun eng zarur omillarni unutadilar. Nikoh to‘ylarini dabdabali o‘tkazishga, haddan ortiq qimmatbaho sovg‘alar tayyorlashga ha­rakat qiladilar. Bunday tashvishlar tufayli baxtli oila qurish uchun eng zarur omillar unutiladi. Shunday ham bo‘ladiki, to‘y­dan ko‘p o‘tmay sudga murojaat etadigan kelin-kuyovlarning asosiy maqsadi oilani saqlab qolish emas, mol-mulkni bo‘lishdan iborat bo‘ladi. Mol-dunyo oldida ularning ko‘ziga hech narsa ko‘rinmaydi. Uyi buzilganini, farzandlari tirik yetim bo‘lib qolayotganini o‘ylamaydi, muzey kabi jihozlangan qator-qator xonalarda shirindan-shakar far­zandlari yayrab-yashnab yurmayotganini o‘ylamaydi. Ota-ona esa kelin-kuyov o‘ynab-kulib yoshlik davrini surib yuradigan paytda ajrashib ketayotganiga yuragi achishmaydi-yu, mol-dunyoni bo‘lish, aliment undirish yo‘llarini izlaydi.

Shu o‘rinda savol tug‘iladi. Xo‘sh, bir go‘dak ko‘ngli chil-chil sinib dunyoda armon bilan yashab o‘tguday katta gunohning javobgarligini kimning zimmasiga yuklaymiz? Erkakningmi yo ayolning? Umuman, bu yuklashdan bolaga, jamiyatga qanday foyda bor? O‘zi dunyoga keltirgan go‘daklar oldidagi mas’uliyat yukini yelkasidan uloqtirib, tinch, oso­yishta o‘tayotgan har bir kuniga shukur qilmay o‘z ko‘ngil ko‘chasiga ketayotgan ayrim notavon bandalarni insofga keltiradigan kuch kerak.

Ha, biz, eng avvalo, oyoqlarimiz yurib, ko‘zlarimiz ko‘rib, yuragimiz urib turgani, farzand­larimiz kelajagini o‘ylab yashayotganimiz uchun shukur qilmog‘imiz kerak. Atrofga boqib, hamma narsa g‘animat ekanligini tushunib yetish, boriga shukur qila bilish zarur. Astoydil intilsa bugun kechagidan, ertaga esa bugundan yaxshi, farzand kelajagi, baxtini o‘ylab yashash naqadar lazzatli ekanligini his etish qanday baxt!

Ro‘zimurod TURSUNOV.