Aliment to‘lamagan onaga “besh sutka berildi”
Buxoro viloyati Romitan tumanida yashovchi G.T. uch nafar farzandiga aliment to‘lamaganligi uchun jazoga tortildi, deb xabar bermoqda viloyat IIB matbuot xizmati.
Qayd etilishicha, MIB viloyat boshqarmasi jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot bo‘limi xabariga ko‘ra, byuroning Romitan tuman bo‘limi ish yurituvida fuqarolik ishlari bo‘yicha Romitan tumanlararo sudining 2010 yil 1 iyuldagi ijro hujjatiga asosan qarzdor Gulchiroy Tosheva (ism va familiyalar shartli ravishda o‘zgartirildi)dan Qodir Matyoqubov foydasiga uch nafar farzandi ta’minoti uchun 1/2 qism miqdorida aliment undirish to‘g‘risida ijro hujjati mavjud edi.
Majburiy ijro harakatlari davomida qarzdor ona bir necha bor ogohlantirilgan. Ammo G.Tosheva aliment pullarini to‘lashdan qochib yurgan.
Qonun bilan bekinmachoq o‘ynagan G.Toshevaning alimentdan bo‘lgan qarzdorligi 82.487.000 so‘mni tashkil etadi.
Qonun oldidagi javobgarlikni unutgan G.Toshevaga Romitan tuman ma’muriy sudi tomonidan MJtKning 474-moddasida ko‘rsatilgan huquqbuzarlikni sodir qilgan deb topilib, sud tomonidan 5 (besh) sutka qamoq jazosi tayinlandi.