Alimentdan qarzdorlik jamg‘arma hisobidan to‘lab beriladi
Prezidentning tegishli farmoni bilan Majburiy ijro byurosi tizimida Aliment to‘lovlari jamg‘armasi tashkil etildi. Mazkur jamg‘arma mablag‘lari qarzdor voyaga yetmagan farzandini moddiy ta’minlashdan bo‘yin tovlaganlik uchun jinoiy javobgarlikka tortilgan taqdirda, aliment to‘lovlaridan yuzaga kelgan qarzdorlikni qoplab berishga yo‘naltirilishi belgilangan.
Misol uchun, Jomboy tumanlararo sudining 2014 yil 24 martdagi ijro hujjatiga asosan qarzdor M.L.dan undiruvchi I.L. foydasiga ikki nafar farzandining moddiy ta’minoti uchun oylik ish haqi va boshqa daromadlarining uchdan bir qism miqdorida aliment undirish belgilangan bo‘lsa-da, qarzdor bir necha marotaba ogohlantirilganligi va ma’muriy jazoga tortilganiga qaramay aliment pullarini to‘lashdan qasddan bo‘yin tovlab kelgan. Oqibatda unga qarshi jinoiy ish ochilgan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Jomboy tumani sudining 2020 yil 21 fevraldagi hukmiga asosan sudlanuvchi M.L. Jinoyat Kodeksining 122-moddasi 1-qismi bilan aybli deb topilib, 1 yil muddatga ozodlikdan mahrum etilgan va undan fuqaro I.L. foydasiga 26 million 137 ming so‘m miqdordagi zararni undirish to‘g‘risida qaror chiqarilgan.
Ayni kunda mazkur ijro hujjatida belgilangan mablag‘ Aliment to‘lovlari jamg‘armasi tomonidan undiruvchi nomiga ochilgan bank kartasiga ko‘chirib berildi. Aytish joizki, mazkur tajriba fuqarolarni aliment pullarining undirilmay qolishidan himoya qilibgina qolmay, jarayondagi uzoq kuttirishlarning ham oldini olish imkonini bermoqda.
Firuz JO‘RAQULOV,
Byuroning Jomboy tuman bo‘limi davlat ijrochisi.