Ana, xolos!: Ukraina tezak (kazyak) yoqishga o‘tmoqchi
Ukrainada yaqin kelajakda ijtimoiy ob’yektlar ommaviy ravishda yopiladi, aholi esa kazyak (tappi, tezak) bilan isitishga o‘tadi. Bunday ogohlantirish bilan Oliy Rada deputati Mixail Volsnets «Nash» telekanali efirida gapirdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bu energiya resurslari yetishmasligi tufayli sodir bo‘lyapti.
«Odamlarni hech bo‘lmaganda qishloqlarda kazyak terib quritish haqida ogohlantirishimiz kerak. Chunki har bir kishi hukumatga emas, balki faqat o‘ziga ishonishi kerak».
Bu yil Ukrainada birinchi marta issiqlik va issiq suv uchun tariflar markaziy emas, balki mahalliy hukumat tomonidan belgilanadi. Avvalroq bir qancha shahar merlari gaz narxi ko‘tarilishi ularni ushbu xizmat tarifini oshirishga majbur etishi haqida ogohlantirgan edi.
Avvalroq, Xmelnitskiy, Odessa, Karpatorti, Lvov va Ivano-Frankov viloyatlari hukumati byudjet muassasalarida gaz taqchilligi sababli favqulodda holat e’lon qilgan edi.
Ukrainadagi, shuningdek, ko‘mir ta’minoti ham tang ahvolda. "Ukrenergo" kompaniyasining ma’lumotiga ko‘ra, omborlarda ushbu xom ashyo zarur bo‘lganidan 3,9 baravar kam.
Ukraina muxolifat “Batkivshchina” partiyasi rahbari Yuliya Timoshenko ham Ukrainada keng ko‘lamli energetika inqirozi avj olayotgani haqida ogohlantirdi va mamlakatda energetika sohasida favqulodda holat joriy etilishi zarurligini bildirdi.