Angela Merkel Belarusda hibsga olingan namoyishchilar ozod etilishini talab qildi

Germaniyaning Federal kansleri Angela Merkel Belarusda hibsga olingan namoyishchilarni zudlik bilan va qo‘shimcha shartlarsiz ozod etilishini talab qildi. Shu bilan birga u Belarusda namoyishchilarga nisbatan qo‘llanilayotgan zo‘ravonliklarni qattiq tanqid qildi. Bu haqda Germaniya Federativ Respublikasi hukumatining rasmiy vakili Shteffen Zaybet, 14 avgust kuni Berlinda o‘tkazilgan brifingda ma’lum qildi.

“Kansler birinchi navbatda minglab odamlar shunchaki tinch namoyishga chiqqanligi uchun hibsga olinganini tanqid qilmoqda, u hibsga olinganlarga nisbatan qo‘llanilayotgan zo‘ravonliklardan qattiq ranjidi... Angela Merkel halok bo‘lganlarning oila a’zolariga o‘zining chuqur hamdardligini bildirdi”, - dedi Zaybet.

13 avgust kuni tunda namoyishlarda hibsga olingan namoyishchilar Minsk vaqtinchalik hibsda ushlash Markazidan ozodlikka chiqarila boshladi. Ozodlikka chiqarilgan fuqarolar ommaviy ravishda ularga nisbatan qo‘llanilgan kaltaklash, tahdid va zo‘ravonliklardan shikoyat qildilar.  Ayrim fuqarolar jarohat izlarini ko‘rsatdilar.