AQSh dunyo maydonidagi yetakchilikni, Yevropa ittifoqi esa birdamlikni yo‘qotmoqda
Koronavirus pandemiyasi Ikkinchi jahon urushidan keyingi dunyodagi barqarorlikka va AQShning jahondagi yetakchi davlat maqomiga yakun yasadi, deb yozmoqda Fransiyaning Le Monde nashri.
“AQShning dunyo yetakchiligiga qilayotgan da’vosi, uning xalqaro maydondagi haqiqiy kuchi keskin kamayib ketayotgani bilan mos kelmay qo‘ydi. O‘zgarishlar koronavirus pandemiyasi boshlanishidan ilgari boshlangan edi. Dunyo muvozanati sobiq ittifoq davlati qulaganidan keyin o‘zgargandi. O‘shanda yetakchi sahnaga AQSh chiqdi. Hozirgi kunda esa qudrati oshib borayotgan Xitoy yetakchilik qilishga da’vogar bo‘lmoqda”, deyilgan maqolada.
Nashr jurnalistlarining fikricha, AQSh so‘nggi bir necha yil davomida o‘z yetakchiligini qo‘ldan boy berib kelgan. Koronavirus inqirozi uni bu yetakchilikdan umuman mahrum qildi.
Shuningdek, maqola mualliflari o‘z etiborini COVID-19 infeksiyasi oqibatida darz ketgan Yevropa Ittifoqiga ham qaratgan. Ularning fikriga ko‘ra, YeI virus hurujiga bardosh bera olmadi. YeI davlatlari virus xuruji vaqtida bir-birlariga yordam qo‘lini uzatish o‘rniga, o‘z qobiqlariga o‘ranib oldilar va birdamlikni jiddiy xavf ostida qoldirdilar.