AQSh Ochiq osmon shartnomasidan chiqdi

Amerika Qo‘shma shtatlari 22 noyabr, yakshanba kuni 30 dan ortiq davlat ishtirok etgan Ochiq osmon shartnomasidan (OOSh) rasman chiqdi. Bu haqda RIA Novosti nashri xabar berdi.

“Amerika Qo‘shma Shtatlari Ochiq osmon shartnomasidan chiqishi to‘g‘risida bildirishnoma yuborganiga 6 oy bo‘ldi. Biz Rossiya yillar davomida qo‘pol ravishda buzib kelgan ushbu shartnomaning ortiq ishtirokchisi emasmiz”, deb yozdi Oq uy milliy xavfsizlik maslahatchisi Robert O’Brayen o‘zining Tvitter sahifasida.

AQSh prezidenti Donald Tramp AQShning shartnomadan chiqish rejasi haqida 22 may kuni e’lon qilgan edi. Vashington Rossiya tomonidan shartnoma shartlari buzilganini bunga sabab qilib ko‘rsatdi. Xususan, AQSh davlat kotibi Mayk Pompeo Moskva Amerikaning kuzatuv parvozlarini amalga oshirishiga ruxsat bermaganligini yoki “istagan vaqtda” ularni cheklashini ta’kidladi. Shu bilan birga, u Rossiya “shartnoma shartlarini bajarishni boshlasa”, Qo‘shma shtatlar shartnomadan chiqishni qayta ko‘rib chiqishi mumkinligini istisno qilmadi.

Rossiya tomoni barcha ayblovlarni rad etdi va bunday ultimatumlarni nomaqbul deb atadi.

Rossiya Tashqi ishlar vazirligi Moskva OOShning qolgan 34 a’zolaridan o‘z majburiyatlari bajarilishi to‘g‘risida qat’iy kafolat talab qilishini ma’lum qildi. Xususan, AQSh ittifoqchilari ularga Rossiya hududi fotosurat ma’lumotlarini bermaslik to‘g‘risida so‘z bormoqda.

Ochiq osmon shartnomasi 1992 yilda imzolangan va 2002 yilda kuchga kirgan. Bu sovuq urushdan keyin Yevropada ishonchni mustahkamlash choralaridan biri bo‘lib, hujjat ishtirokchi davlatlarga o‘zaro harbiy kuchlari va faoliyati to‘g‘risida ma’lumot to‘plash imkoniyatini beradi.