AQSh prezidenti koronavirusga qarshi vaksinani tayyor bo‘lish muddatini ma’lum qildi

AQSh prezidenti Donald Tramp koronavirusga qarshi vaksina, joriy yilning 3 noyabrga, ya’ni Amerika prezidentligi uchun o‘tkaziladigan saylovlarga qadar tayyor bo‘lish ehtimoli yuqori ekanligini ma’lum qildi. Bu haqda Reuters agentligi xabar berdi.

AQSh yetakchisi bu haqda jurnalist Geraldo Rivera bilan o‘tkazilgan radiodastur efirida ma’lum qildi. Trampning so‘zlariga ko‘ra, vaksina yil oxiridan ancha ilgari paydo bo‘lishi mumkin.

Boshlovchi tomonidan berilgan, “bu holat 3 noyabrga qadar sodir bo‘lishi mumkinmi?”, - degan savolga, prezident: “Fikrimcha, bu unga (3 noyabrga) qadar amalga oshadi”, - deb javob qaytardi. 

Biroz ilgari ayrim mutaxassislar, vaksina masalasida Trampning ta’siridan xavotirda ekanliklarini aytgan edilar. Ularning fikriga ko‘ra, Tramp saylovlarda g‘alaba qozonish uchun vaksina ishlab chiqaruvchilarga bosim o‘tkazishi ehtimoli mavjud va buning oqibatida vaksina sifati yetarli darajada samarali bo‘lmasligi mumkin.