AQSh “Sardoba” suv ombori falokatidan aziyat chekkan oilalarga 100 ming dollar ajratmoqda
AQSh hukumati Sirdaryo viloyatidagi “Sardoba” suv ombori qisman o‘pirilishi natijasida uni bartaraf etishda O‘zbekiston olib borayotgan sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlaydi va Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) qoshidagi tabiiy ofatlarda yordam ko‘rsatish boshqarmasi orqali mahalliy bir tashkilotga tabiiy ofatdan zarar ko‘rgan oilalarga muhim yordam vositalari sotib olish va yetkazib berish uchun 100 ming dollar ajratmoqda. Bu haqda AQShning O‘zbekistondagi elchixonasi habar berdi.
"Sirdaryo viloyati aholisiga chin dildan hamdardlik bildiraman. O‘zbekiston hukumati va fuqarolari ushbu falokat oqibatlarini bartaraf etish uchun tezda safarbar etildi", dedi AQSh elchisi Daniyel Rozenblyum.
Ma’lum qilinishicha, AQSh hukumati bu mablag‘dan foydalanib suv ombori o‘pirilishi natijasida o‘z uylaridan ko‘chirilgan muhtoj oilalarga oziq-ovqat va boshqa zarur vositalarni tarqatish orqali O‘zbekistonga mazkur inqirozdan qutulish va qayta tiklanishda yordam beradi.
Favqulodda ko‘mak bo‘yicha sa’y-harakatlarni qo‘llashdan tashqari, USAID O‘zbekiston hukumati bilan mamlakat iqtisodini diversifikatsiyalash, mintaqaviy savdoni kuchaytirish, sog‘liqqa jiddiy tahdidlarni bartaraf etish hamda aholi ehtiyojlarini qondirish uchun hukumat imkoniyatlarini shakllantirish bo‘yicha hamkorlik qiladi.