AQSh senatori JSST bosh direktorining iste’foga chiqishini talab qildi
AQShning Respublikachilar partiyasi senatori Marta Maksallining fikriga ko‘ra, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti bosh direktori Tedros Gebreysus go‘yo Xitoy tomonidan koronavirus to‘g‘risida taqdim etilgan hisobotdagi ko‘rsatkichlarni kamaytirib taqdim etgani uchun iste’foga chiqishi zarur.
Senatorning so‘zlariga ko‘ra, Xitoy hukumati virusning mamlakat bo‘ylab tarqalganini yashirgan. Bu esa o‘z navbatida, dunyodagi vaziyatning yomonlashishiga olib keldi.
“JSST ularning ayblarini yashirishni to‘xtatishi kerak. Mening fikrimcha direktor Tedros iste’foga chiqarilishi kerak. Mazkur muammoni hal qilish uchun biz qandaydir choralar qo‘llashimiz zarur”, deya 2 aprel kuni senatorning so‘zlaridan parcha keltirdi Politico nashri.
Bir necha kun ilgari Amerika razvedkasi AQSh Prezidentiga bayonot topshirdi. Unda e’tirof etilishicha, Xitoy hukumati koronavirusning mamlakat bo‘ylab keng tarqalishi faktlarini va o‘lim holatlarini berkitgan.
AQSh vitse-prezidenti Mayk Pensning fikriga ko‘ra, Xitoy kasallikning asl ko‘lamini yashirganligi sababli Amerika hukumati kasallikka qarshi choralarni o‘z vaqtida ko‘rishga juda kech qolgan. Siyosatchining so‘zlaricha, XXR epidemiyani rasman e’lon qilishdan kamida bir oy oldin u bilan to‘qnash kelgan.