AQSh va Turkiya o‘rtasida yana bir mojaro: Anqara AQShga o‘zgalar ishiga tumshug‘ini tiqmaslikni maslahat berayapti
AQSh davlat departamentida Turkiyaning Kipr qirg‘oqlari yaqinida, dengizda burg‘ulash ishlarini olib borayotgani qoralandi va Turkiyadan o‘z ishlarini darhol to‘xtatish talab qilindi. Bu haqda mk.ru xabar berayapti.
Davlat departamentining xulosasiga ko‘ra, Turkiyaning bu xatti-harakati xalqaro qonunchilikka zid va u mintaqada keskinlikni yuzaga keltirishi mumkin.
Ma’lum bo‘lishicha, bu hududda tabiy gaz konlari aniqlangan.
"Turkiyaning Kipr respublikasi o‘zining iqtisodiy zonasi deb e’lon qilgan hududda burg‘ulash ishlarini olib borishi AQShni xavotirga solayapti. Turkiyaning bu xatti-harakatlari provokatsion xarakterga ega va u mintaqada keskinlikni yuzaga keltirishi mumkin. Shularni inobatga olib Turkiya burg‘ulash ishlarini darhol to‘xtatishi va mazkur hududni bo‘shatib qo‘yishi lozim", deyiladi AQSh davlat departamentining bayonotida.
Ammo, Turkiya burg‘ulash ishlarini to‘xtatmoqchi emas. Shuningdek, hududni ham tashlab chiqmoqchi emas va o‘zini aynan shu hududda burg‘ulash ishlarini olib borishga haqqi bor, deb hisoblaydi.
Sababi....
Sababi, bugungi kunda Kipr oroli ikkiga ajralgan. Uning asosan etnik greklar yashaydigan janubiy qismi Kipr respublikasi deb nomlanadi va xalqaro hamjamiyat uni tan olgan. Asosan etnik turklar yashaydigan orolning shimoliy qismida dunyo hamjamiyati tomonidan tan olinmagan Shimoliy Kipr Turk respublikasi bor va uni faqatgina Turkiya tan olgan. Bu tan olinmagan respublikaning asosiy aloqalari Turkiya bilan. Turkiya gaz konlarini topib burg‘ulash ishlarini olib borayotgan hudud ham Shimoliy Kipr Turk respublikasiga tegishli hudud hisoblanadi. Faqat, buni dunyo hamjamiyati tan olmaydi xolos.
Hududda Turkiyaning Fotih burg‘ulash kemasi ishlayapti va Turkiya aynan Shimoliy Kipr Turk respublikasiga tegishli dengiz hududida ish olib borayotganini aytib, Vashingtonga "o‘zgalar ishiga tumshug‘ini tiqavermaslikni" maslahat bergan.