AQSh va Xitoy qarama-qarshiligi davom etmoqda

Gonkongdagi bahsli qonun loyihasiga qarshi AQSh tomonidan Xitoyga nisbatan e’lon qilingan sanksiyalarga Xitoy javob qaytardi. Bu haqda TASS nashri Xitoy Tashqi ishlar vazirligi vakili Chjao Litszyan so‘zlariga tayanib ma’lum qildi.

Taqdim etilgan ma’lumotga ko‘ra, Pekin Gonkong voqealariga “tanqidiy qaragan” AQSh vakillariga nisbatan viza cheklovlarini joriy etish qarorini qabul qilgan. Biroq sanksiyaga tushgan shaxslarning ism-shariflari oshkor etilmadi. 

26 iyun kuni AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo Amerika hukumati tomonidan Gonkong avtonomiyasiga tahdid qilinishida javobgar yoki aloqador hisoblanuvchi Xitoy kommunistik partiyasining sobiq va amaldagi a’zolari uchun viza cheklovlari joriy etilayotganini ma’lum qildi.

Eslatib o‘tamiz, bir muddat ilgari Xitoy hukumati Gonkong hududida milliy xavfsizlik qonun loyihasini tatbiq etish qarorini qabul qilgan edi. Taklif etilayotgan hujjatga muvofiq, Xitoy Gonkong ustidan nazoratni oshirish imkoniga ega bo‘ladi. Yangi qonun loyihasi tarafdorlari mazkur qonun Xitoy davlatini terrorizmdan va tashqi kuchlarning aralashuvidan saqlashini, shuningdek, milliy xavfsizlikning mustahkamlanishiga yordam berishini e’tirof etmoqda.

Taxminlarga ko‘ra, qonun loyihasi iyun oyi oxirida qabul qilinadi.