AQShda koronavirusga qarshi vaksinani birinchi navbatda kimlar qabul qiladi?

Amerika Qo‘shma shtatlarida koronavirusga qarshi vaksinani birinchi bo‘lib qabul qiluvchilar sog‘liqni saqlash xodimlari va qariyalar uylarida yashovchilar bo‘lishi kerak. Fuqarolarning ushbu toifalari AQSh sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Immunizatsiya amaliyoti bo‘yicha maslahat qo‘mitasi tomonidan ko‘rsatildi, deya xabar beradi RIA Novosti.

Qo‘mita raisi Xose Romeroning so‘zlariga ko‘ra, preparat avval AQShning medikament va oziq-ovqat sifati nazorati sanitariya boshqarmasi tomonidan ma’qullanishi kerak.

Avvalroq AQSh sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmat kotibi Aleks Azar SARS-CoV-2 virusiga qarshi dastlabki ikki vaksina amerikaliklar uchun yaqin haftalarda taqdim etilishi haqida bildirgan edi. Uning ta’kidlashicha, emlash ishlari Yangi yil bayrami oldidan boshlanishi kutilmoqda.

G.XOLDOROVA tayyorladi.