AQShda noma’lum shaxs cherkovga hujum qildi, 2 kishi halok bo‘ldi

Kaliforniya shtatidagi San-Xose shahrida joylashgan baptistlar (protestant nasroniylari oqimlaridan biri) cherkovida bir necha kishi pichoq bilan jarohatlandi, ikki kishi halok bo‘ldi. Bu haqda 23 noyabr kuni RIA Novosti nashri xabar berdi.

“Biz bir necha kishi pichoq bilan jarohatlanganini tasdiqlaymiz. Ayrim shaxslar hayot uchun xavfli darajada jarohat olgan”, deyilgan San-Xose politsiyasining Tvitter sahifasida.

Keyinchalik shahar meri Sem Likkardo Kaliforniya shtatidagi San-Xose baptistlar cherkovida pichoq bilan yetkazilgan tan jarohatlari tufayli ikki kishi halok bo‘lganini va hujum uyushtirishda gumon qilingan shaxs hibsga olinganini ma’lum qildi.

“Baptistlar cherkovidagi hujumda pichoq jarohatlaridan vafot etgan ikki mahalliy fuqaroning oila a’zolari bilan birga qayg‘udamiz. San-Xose politsiyasi gumondor shaxsni hibsga oldi. Qolganlar og‘ir jarohatlangan, biz ular uchun duo qilamiz”, deb yozdi shahar meri o‘zining Tvitter sahifasida.

San-Xose politsiyasining ma’lum qilishicha, hujum vaqtida cherkovda ibodat o‘tkazilmayotgan bo‘lgan. Cherkovga ko‘chada sovqotib qolmasliklari uchun uysizlar olib kirilgan bo‘lgan.