Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

AQShda TikTok va WeChat ilovalarini yuklab olish taqiqlanadi

AQShda 20 sentyabr sanasidan e’tiboran TikTok va WeChat ilovalarini yuklab olish taqiqlanadi. Bu haqda Reuters agentligi AQSh savdo vazirligi taqdim etgan ma’lumotga tayanib xabar berdi.

Vazirlik 18 sentyabr kuni Amerika fuqarolariga TikTok ijtimoiy tarmog‘i va WeChat messenjerini yuklab olishni taqiqlovchi qaror qabul qildi. Ma’lum qilinishicha, AQSh hukumati Xitoy ilovalarini aholi smartfonlardan o‘chirib tashlashga majbur qilmaydi. Biroq ular Apple va Google platformalaridan ilovalarni o‘chirtiradi. Shu bilan birga, Apple va Google boshqa davlatlar hududida amal qiluvchi ilova platformalarini saqlab qoladi.

Bir muddat ilgari Amerika hukumati TikTok ilovasini agar uni 15 sentyabrga qadar Amerika kompaniyalaridan biri sotib olmasa, mamlakat  hududida taqiqlashga qaror qildi. AQSh maxsus xizmatining ta’kidlashicha, ilova rahbariyati amerikalik foydalanuvchilarning shaxsiy ma’lumotlarini Xitoy hukumatiga taqdim etmoqda.