AQShning “Asr kelishuvi”ga falastinliklar rozi bo‘larmikin?

Isroilning HaYom gazetasi Isroil va Falastin o‘rtasidagi muammoning yechimiga qaratilgan “Asr kelishuvi” nomli hujjatning moddalarini e’lon qildi.

AQSh tomonidan ishlab chiqilgan mazkur kelishuvni Saudiya Arabistoni, BAA va Misr qo‘llab-quvvatlashi aytilmoqda.

Kelishuvda, xususan, G‘azo sektori va G‘arbiy sohildagi yahudiylar yashaydigan hududlardan tashqarida Yangi Falastin deb ataluvchi yangi davlat barpo etilishi ko‘zda tutilgan. G‘arbiy sohildagi yahudiylar yashaydigan joylar esa hozirgidek Isroilning nazoratida qoladi. 

Quddus Isroil va Yangi Falastin o‘rtasida bo‘linmaydi, biroq har ikki davlatning poytaxti bo‘ladi. Quddusda yashaydigan arablarga Yangi Falastin fuqaroligi beriladi. Yahudiylarga arablardan, arablarga esa yahudiylardan uy olishiga ruxsat etilmaydi. Quddusga yangi hududlar qo‘shilmaydi. 

Mazkur kelishuvning amalga oshirilishini AQSh, Yevropa Ittifoqi va Fors ko‘rfazidagi neft eksport qiluvchi davlatlar moliyalashtiradi. Qo‘llab-quvvatlovchi davlatlar Yangi Falastindagi milliy loyihalar uchun 5 yil davomida 30 milliard dollar ajratadi. Mablag‘ning 20 foizini AQSh, 10 foizini Yevropa Ittifoqi, 70 foizini esa Fors ko‘rfazidagi arab davlatlari beradi.  

Yangi Falastin davlati o‘z armiyasiga ega bo‘lmaydi, faqatgina politsiyaga yengil qurollar beriladi. Yangi Falastin davlatiga tashqaridan hujum bo‘lgan taqdirda uni Isroil himoya qiladi. 

Agar Isroil “Asr kelishuvi”ga e’tiroz bildirsa, AQSh unga moliyaviy yordamni to‘xtatadi.

Kelishuvda boshqa moddalar ham bor, biroq falastinliklar AQShning bu taklifiga rozi bo‘larmikin?