AQShning Minneapolis shahrida yirik norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tmoqda

AQShning Minnesota shtatidagi Minneapolis shahrida norozolik namoyishiga chiqqan aholi politsiya mahkamasini yoqib yubordi. Bu haqda Fox News telekanali xabar berdi.

Qo‘liga kishan taqilgan afroamerikalik bo‘lgan Jorj Floydni yerga yotqizib, politsiya xodimi uni tizzasi bilan bo‘ynidan bosib olgani tasvirga olingan video bir necha kun ilgari internet tarmoqlarida tarqalgan edi. Hibsga olingan erkak bir necha marta havo yetishmayotganini aytgan va yordam so‘ragan. Politsiya xodimi bu so‘zlarga e’tibor qilmasdan, uning bo‘ynini tizzasi bilan bosishda davom etgan. Shundan so‘ng hibsga olingan shaxs o‘lib qolgan. Aynan shu voqea ommaviy noroziliklarga sabab bo‘lmoqda.

Bo‘lib o‘tgan voqeadan so‘ng to‘rt nafar politsiya xodimi o‘z vazifasidan ozod etilgan. Biroq Minneapolis shahri meri Jeykob Frey va aholi vafot etgan Jorj Floydni bo‘ynini tizzasi bilan bosgan politsiyachining hibsga olinishini talab etmoqda.

AQSh Prezidenti Donald Tramp tergov-tekshiruv ishlarini tezlashtirish haqida topshiriq berdi. Shaharda norozilik namoyishlari qaltis tus olgani oqibatida favqulodda vaziyat e’lon qilindi.

Telekanal taqdim etgan ma’lumotga ko‘ra, 28 may kuni mahalliy vaqt bilan taxminan 22.00 atrofida namoyishchilar politsiya mahkamasi hududiga bostirib kirgan va politsiya xodimlari bilan yirik to‘qnashuv yuzaga kelgan.

To‘qnashuvdan so‘ng namoyishchilar politsiya mahkamasi binosini yoqib yuborgan, politsiya xodimlari vertolyotlar yordamida qochishga muvaffaq bo‘lgan.