Aqtobeda ichida 53 nafar O‘zbekiston fuqarolari bo‘lgan avtobus to‘xtab qoldi

O‘zbekistonning Aqtau shahridagi (Qozog‘iston) Bosh konsulxonasi 2020 yil 12 yanvar kuni “Samara-Chimkent” yo‘nalishi bo‘ylab harakatlanayotgan va ichida 53 nafar O‘zbekiston fuqarolari bo‘lgan avtobus Aqtobe viloyati hududida texnik nosozlik tufayli to‘xtab qolgani to‘g‘risida OAVda tarqalgan ma’lumotni tasdiqladi. Bu haqda TIV Konsullik-huquqiy departamenti xabar berdi.

13 yanvar kuni mahalliy vaqt bilan soat 11:00 da avtobus ta’mir ishlari yakunlangach, marshrut bo‘yicha harakatlanishda davom etdi.

Bosh konsulxona, shuningdek, 13 yanvar kuni “Aqtobe – Orenburg” trassasida yo‘l-transport hodisasi yuz bergani, natijada voqea joyida haydovchi, O‘zbekiston fuqarosi E.M. halok bo‘lgani, yana bir vatandoshimiz I.K. turli jarohatlar bilan kasalxonaga yotqizilgani haqida ham xabar berdi.

Bosh konsulxona vaziyatni nazoratga olgan va Qozog‘istonning tegishli organlari bilan doimiy aloqada bo‘lib turibdi.

TIV Konsullik-huquqiy departamenti marhumning oila a’zolari va yaqinlariga hamdardlik izhor etadi hamda yana bir bor O‘zbekiston fuqarolari e’tiborini avtobuslarda yoki avtomobil transportining boshqa turlarida qish mavsumida Qozog‘istonga kirishda yoki uning hududidan o‘tishda ehtimoliy xatarlarni hisobga olish va tegishli choralar ko‘rish zarurligiga qaratadi.