Armrestling: O‘n yetti yoshli chempion
Shohsanam Ulug‘murodova 2005 yilda Ishtixon tumanida tug‘ilgan. Olti yildan buyon armrestling sport turi bilan shug‘ullanib keladi. Yosh bo‘lishiga qaramay, O‘zbekiston va Osiyo chempioni, jahon chempionatida kumush medal sohibasi, xalqaro turnirlar sovrindori bo‘lgan.
- Sportda va hayotda erishgan yutuqlarimda ustozim Nodira Bekmirzayevaning o‘rni beqiyos, - deydi Shohsanam. – 2019 yilda u kishiga shogird tushib, ilk bor armrestling bo‘yicha O‘zbekiston chempionligini qo‘lga kiritganman. Shundan keyin terma jamoaga qabul qilindim va ilk marta Qirg‘izistonda o‘tkazilgan Osiyo chempionatida oltin medalga sazovor bo‘ldim. O‘shanda mendan ham ko‘proq murabbiyim xursand bo‘lgandi. U kishidan nafaqat sport sirlarini, balki ota-onaning, yurtning qadriga yetishni, maqsadim yo‘lida hech qachon chekinmaslikni o‘rgandim. Ayniqsa, musobaqalarda yengilgan paytim “Hech qachon ruhingni cho‘ktirma, sen hali yoshsan, oldinda musobaqalar ko‘p, o‘z ustingda ishlashing kerak”, deya dalda berib, qo‘llab-quvvatlaydi.
Shu kungacha u kishining maslahatlariga amal qilib, kam bo‘lganim yo‘q. 2020 yilda o‘smirlar o‘rtasida Avstriyada o‘tkazilgan Osiyo kubogida va 2021 yil Ruminiyaning Buxarest shahrida o‘tkazilgan jahon chempionatida kumush hamda joriy yilning aprel oyida Samarqandda o‘tkazilgan Osiyo chempionatida bronza medallarini qo‘lga kiritdim. Endi shu oyda Turkiyaning Antaliya shahrida o‘tkaziladigan jahon chempionatiga tayyorgarlik ko‘ryapmiz. Nasib etsa, yurtimiz sharafini munosib himoya qilib, jahon chempionligini qo‘lga kiritaman.
- Shohsanam terma jamoaga qabul qilingan bo‘lsa-da, doim birga mashg‘ulot olib boramiz, musobaqalarga ham birgalikda tayyorlanamiz, - deydi sportchining murabbiyi Nodira Bekmirzayeva. – Aksariyat sportchilar terma jamoaga qabul qilingandan keyin murabbiyini almashtiradi. Lekin Shohsanam unday qilmadi, “Birgalikda jahon chempionligini qo‘lga kiritamiz”, deydi. U shogirdlarim orasida tirishqoqligi va intiluvchanligi bilan ajralib turadi. Mashg‘ulotlarda xato qilmaslikka, ko‘proq o‘z ustida ishlashga intiladi. Shohsanam hali maktab o‘quvchisi, shunga qaramay, tinimsiz mehnati evaziga ota-onasi va bizning ishonchimizni oqlayapti, u bilan faxrlanaman.
Fazliddin Ro‘ziboyev.