Autsorsing tizimi: Aprel oyidan gematogen va vitaminli sharbat bolalarning taomnomasidan joy oladi

O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta’lim hamda Sog‘liqni saqlash vazirliklarining maktabgacha ta’lim muassasalarida “Sog‘lom ovqatlantirishni tashkil etish oyligi”ni o‘tkazish to‘g‘risidagi qo‘shma qarori doirasida mart oyida barcha maktabgacha ta’lim muassasalarida oshpazlar, hamshiralar va ombor mudiralari uchun seminarlar tashkil etildi.

Samarqand shahridagi 27-MTMda ombor mudirlari faoliyatini tashkil etish va mahsulotlarni saqlash bo‘yicha seminar o‘tkazildi. Unda shahrimizdagi davlat maktabgacha ta’lim muassasalarida autsorsing tizimi asosida faoliyat yuritayotgan 12 ta korxona o‘z faoliyatini namoyish etishdi.

- Korxonamiz 2003 yildan buyon oziq-ovqat mahsulotlarining ulgurji savdosi va oshxona xizmatlari sohasida faoliyat yuritib kelmoqda, - deydi “Xikmatullo” MChJ rahbari Akmal Asadov. – O‘tgan yil noyabr oyidan beri imkoniyatlarimizdan kelib chiqib, Samarqand shahridagi 16 ta bog‘chada autsorsing xizmatini ko‘rsatib kelayapmiz. Yaqinda Toshkent shahridagi 143-34 MTMlarda bo‘lib, u yerdagi autsorsing tizimi bo‘yicha tajriba almashdik. Ushbu bog‘chalarda bolalarning sog‘lom ovqatlanishini tashkil etish maqsadida taomnomaga kamqonlikni oldini olish uchun gematogen va vitaminli sharbat kiritilgan ekan. Biz ham ushbu tajribani qo‘llagan holda aprel oyidan boshlab, bolalarning bir haftalik taomnomasiga gematogen va vitaminli sharbatlarni qo‘shimcha qilamiz. Vitaminli sharbatimiz yurtimizda yetishtirilgan 16 xil mevalarning quritilgan aralashmasidan tarkib topganligi bilan ham juda foydali.

Nasiba JONTO‘RAYEVA.