Avtomashina yukxonasidan 70 million so‘m o‘g‘irlagan gumonlanuvchilar ushlandi

Joriy yilning 2 aprel kuni 33 yoshli G‘.X. Qarshi shahar IIBga ariza bilan murojaat qilib, unda joriy yilning 31 mart kuni soat 08:30 da noma’lum shaxslar Oydin mahallasida qarovsiz qoldirilgan “Lacetti” rusumli avtomashinasi yukxonasini ochib, u yerdan 70.800.000 so‘m pulini yashirin ravishda talon-toroj qilib ketganligini ma’lum qilgan.

Mazkur holat yuzasidan Qarshi shahri bo‘yicha IIO FMB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 169-moddasi  2-qismi “b” bandi (o‘g‘irlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Ko‘rilgan choralar natijasida ushbu jinoyatni Surxondaryo viloyatida yashovchi, 25 yoshli U.B. va Qarshi shahrida yashovchi, 33 yoshli A.G.lar sodir etganligi aniqlanib, U.B. O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 169-moddasi 3-qismi “a” bandi (xavfli retsidivist tomonidan sodir etilgan o‘g‘irlik) A.G. esa 169-moddasi 2-qismi “b,v” bandlari (ancha miqdorda va bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib sodir etilgan o‘g‘irlik) gumon qilinuvchi tariqasida jalb qilingan va protsessual tartibda ushlangan.

O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti xabariga ko‘ra, hozirda dastlabki tergov harakatlari davom ettirilmoqda.