Avtomashinalarni texnik ko‘rikdan o‘tkazish nima uchun kerak?
Viloyat transport boshqarmasi tashabbusi bilan tashkil etilgan press-turda jurnalist va blogerlar Samarqand shahrida yo‘lovchi tashish xizmati bilan shug‘ullanuvchi avtokorxonalar faoliyati bilan tanishdi.
Viloyat transport boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Jo‘rabek Qorjovovning ta’kidlashicha, viloyatimizda 671 ta avtokorxonaning 272 tasi yakka tartibdagi tadbirkor bo‘lib, ular hisobida 535 ta avtobus, 104 ta mikroavtobus, 7 843 ta yengil mashina bo‘lib, yiliga 9 174 ta transport vositalari texnik ko‘rikdan o‘tkaziladi.
- Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 9 martda qabul qilingan «Transport vositalarini majburiy texnik ko‘rikdan o‘tkazish tartibini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qaroriga muvofiq, 2021 yil 1 sentyabrdan yangi transport vositalari texnik ko‘rikdan o‘tkazilmasligi belgilab qo‘yilgan edi, - deydi J.Qorjovov. - Shuningdek, jismoniy shaxslarga tegishli avtotransportlarni majburiy texnik ko‘rikdan o‘tkazish tadbirkorlarga yuklatilgan bo‘lib, harakatlanuvchi mobil texnik nazorat liniyalaridan foydalanib kelinyapti. Shuningdek, ularga Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmatining «Texnik ko‘rik» avtomatlashtirilgan axborot tizimiga kirish imkoniyati yaratildi. Ishlab chiqarilganiga 6 yildan oshgan avtomobillar 1 yilda bir marta texnik ko‘rikdan o‘tkaziladi. Shu bilan birga, sentyabrdan xorijiy davlatlarga chiqadigan transportlardan tashqari barcha transportlarga texnik ko‘rikdan o‘tgani to‘g‘risidagi talon berish amaliyoti ham bekor qilinadi.
Jurnalistlar dastlab «Zarafshon grupp» mas’uliyatli cheklangan jamiyatida bo‘lib, korxonada yaratilgan shart-sharoitlar, avtomashinalarning texnik, haydovchilarning tibbiy ko‘rikdan o‘tish jarayonlarini kuzatishdi.
- Tadbirkorlarga avtomashinalarning texnik ko‘rikdan o‘tkazishga ruxsat berilgach, xorijdan zamonaviy ko‘rikdan o‘tkazish asbob-uskunalarini olib kelib o‘rnatdik, - deydi texnik ko‘rik loboratoriyasi boshlig‘i Jonibek Mamarasulov. – Kuniga 35-40 ta avtomashina texnik ko‘rikdan o‘tkaziladi. Transportlarning tormozi, gaz ballonlari, uzatkich, tungi chiroqlari kabi 8 ta yo‘nalishdagi qismlari to‘liq nazoratdan o‘tkaziladi. Nosozlik holati kuzatilsa, shu yerning o‘zida malakali texnik-ustalar kamchiliklarni bartaraf etadi. Bu Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmatining «Texnik ko‘rik» avtomatlashtirilgan axborot tizimiga qayd etib qo‘yiladi.
Dilmurod To‘xtayev.