Avtomobil boshqarishda bepisandlik qilish kulfat keltiradi
Payariqlik 1996 yilda tug‘ilgan Sh.M. shuni ertaroq anglab yetganida edi, transport vositasini boshqarishga nisbatan bunchalik befarq bo‘lmagan, endigina 13 bahorni qarshilagan M.O.ning uvoliga qolmagan bo‘lardi...
Maniobod mahalla fuqarolar yig‘iniga qarashli Paxtakor qishlog‘ida yashovchi Sh.M. joriy yilning 27 fevral kuni otasiga qarashli “Neksiya” bilan piyodalar yo‘lagidan maktabga ketayotgan M.O.ni urib yuboradi. O‘ta og‘ir jarohat olgan bolakay voqea joyida hayotdan ko‘z yumadi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Payariq tumani sudi sudyasi X.Keldiyarova raisligida yaqinda o‘tgan sud majlisida ushbu jinoyat ishi ko‘rib chiqildi. Guvohlarning ko‘rsatmalari, sud ekspertizasi xulosasi va boshqa dalillar bilan Sh.M.ning aybi to‘liq isbotlandi. O‘zbekiston Respublikasi JK 266-moddasining 2-qismi bilan unga ikki yilu olti oy muddatga transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum qilish, besh yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Ko‘pchilik ushbu satrlarni o‘qib, “gunohiga yarasha jazosi”, deyishi mumkin. To‘g‘ri, hukm o‘qildi – aybdor jazosini oldi. Ammo hozirgi kunda avtomobil boshqarayotgan yosh yigit-qizlarning barchasiga nisbatan haydovchilik guvohnomasini belgilangan tartibda o‘qib olgan, transport vositasini boshqarishni yaxshigina o‘rgangan, deya olamizmi?!
Haydovchilikda suyagi qotmagan farzandiga transport vositasini ishonib topshirayotgan ba’zi bir ota-onalar bundan tegishli xulosa chiqarishlarini istardik. Chunki ayrim erkatoy farzandlar o‘zlarining qaltis xatti-harakatlari bilan kimningdir o‘limiga, kimningdir esa bir umr nogiron bo‘lib qolishiga sabab bo‘lmoqda. Qaysidir shoshqaloq “ota o‘g‘il”ning qo‘pol xatosi bilan yoshgina farzandidan ayrilib qolish nafaqat ota-ona uchun, balki jamiyatimiz uchun ham katta yo‘qotish, ulkan musibatdir.
Qachonki, havaskor haydovchilar yo‘l harakati ishtirokchisi sifatida odamlar hayoti va sog‘lig‘ini asrash shart ekanligini tushunib yetsalargina, yo‘llarda bunday baxtsiz hodisalar soni kamayishi mumkin.