Avval ichimizdagi “vahimavirus”ni o‘ldirish kerak

Dastlab Xitoyda paydo bo‘lib, dunyoning deyarli barcha mamlakatlariga tarqalib ulgurgan bu yuqumli kasallikka men o‘zimcha shunday nom berdim. Nega desangiz, uning o‘zidan ham vahimasi tezroq yoyilmoqda.

Aslini olganda, jahon miqiyosida epidemiya va pandemiyalarning vaqti-vaqti bilan takrorlanib turishi tarixdan yaxshi ma’lum. Aytaylik, XIV asr o‘rtalarida Yevropada ro‘y bergan “Qora ajal” vabo pandemiyasida 34 million kishi nobud bo‘lgan. O‘tgan asr boshlarida xuruj qilgan virusli gripp infeksiyasi esa dunyo bo‘yicha 20 milliondan ziyod odamning hayotiga zomin bo‘lgandi. Undan keyin ham davriy ravishda qaytalanib turgan epidemiyalar oqibatida yana millionlab kishilarning yostig‘i qurigan. Keyingi yillarda tarqalgan “parranda gripi”, “cho‘chqa gripi” singari virusli epidemiyalarning tarixi va taqdiri haqida ma’lumotlar yetarli.

Bunda pandemiyaning epidemiyadan farqi shundaki, epidemiya bir mamlakat yoki mintaqa doirasida tarqalsa, pandemiya bir nechta mamlakatga, hatto, jahon bo‘ylab yoyilib ketishi mumkin.

Makkor viruslar bugun tag‘in qayta uyg‘onib, immuniteti zaiflar, keksalar va bemorlarni birin-ketin halok qilmoqda. Lekin shunisi ham aniqki, koronavirusni odamlarning o‘zi uyg‘otib bezovta qilib qo‘ydi. Endi u uyqusi buzilgan go‘dak yig‘lab, injiqlik qilgani kabi bizdan alamli o‘ch olayotir.

Alloh taolo aytadi: “(Ey insonlar), sizlarga ne bir musibat yetsa, bas, o‘z qo‘llaringiz bilan qilgan narsa-gunoh sabablidir” (“Sho‘ro”surasi, 30-oyat). Ma’lumki, yaratuvchimiz tomonidan bizga bir necha turli mahsulotlarni iste’mol qilish taqiqlangan. Masalan, to‘ng‘iz go‘shti, qon va o‘limtiklarni yeyish; mast qiluvchi ichimliklarni ichish; narkotik moddalarni qabul qilish qat’iyan mumkin emas. Shu o‘rinda “nega”, degan shakkokona savol paydo bo‘ladi. Aslida, ushbu so‘roqni ashaddiy dushmaningiz bo‘lmish iblis Alloh kalomidan shubhalanishingiz uchun ko‘nglingizga solib, vasvasa qiladi. Mayli, ushbu savolga baholi qudrat javob berishga urinib ko‘ramiz.

Yaqinda matbuotda bir xabar o‘qidim. Unda yozilishicha, Gollandiyada bir fermer cho‘chqalariga ovqat bera turib, yuragi xuruj qilib yiqilib hushidan ketadi. Uning hayallab ketganidan xavotir olgan xotini cho‘chqaxonaga kirib, ne ko‘z bilan ko‘rsinki, erining faqat quruq suyaklari qolibdi, xolos.

Endi o‘zim guvoh bo‘lganim voqeani aytadigan bo‘lsam, harbiy xizmat davrimda A. ismli do‘stim bo‘lardi. Rus tilini yaxshi bilmaganligi sababli uni qo‘mondonlik harbiy qism cho‘chqaxonasiga ishga jo‘natdi. Do‘stim har hafta garnizonga kelib, zarur oziq-ovqatlarni g‘amlab ketardi. U har gal kelganida, meni fermasiga taklif qilar, borsam, go‘sht bilan bir to‘yg‘azishga va’da berardi. Kunlardan bir kun yurtdoshimning ko‘ngliga qarab, mehmonga borishga imkoniyat paydo bo‘lib qoldi. Ammo men u yerda cho‘chqalar qanday boqilayotganini ko‘rib, nafaqat do‘stimning ziyofatini, hatto harbiy qism oshxonasidan beriladigan go‘sht va konservalarni ham ta’bim tortmay qo‘ydi.

Qon bilan o‘limtik haqida aytadigan bo‘lsak, qon hujayralarga faqatgina ozuqa tashib qolmay, qaytish yo‘lida o‘ziga xos kanalizatsiya vazifasini ham bajaradi. Bu – uning nima uchun toza narsa emasligini yetarlicha izohlasa kerak. O‘limtiklarda vaqt o‘tishi bilan o‘ta halokatli bakteriyalar paydo bo‘ladiki, ularni zinhor iste’mol qilib bo‘lmaydi.

Alkogol ichimliklar va nasha haqida izohga hojat yo‘q. Xitoylik o‘rtoqlar esa nafaqat cho‘chqa, balki qimirlagan qanaqa jondor borki, barisini paqqos tushiraverar, zahardan boshqasini ichaverar ekanlar. Shu bois ko‘rshapalaklarning ba’zi bir turida uchrovchi koronavirus ularga taom orqali yuqqan degan taxminlar aytilyapti.

Bir paytlar SPID kasalligini ham olimlar: odamlar maymunlardan yuqtirib olgan, deya xulosa berishgandi. Chunki Afrikada maymun go‘shtini iste’mol qiladigan, hatto, ular bilan aralashib yashaydigan qabilalar borligi yaxshi ma’lum.

“Odamlarning qilmishlari sababli quruqlikda ham, dengizda ham ofat-balolar yuz berdi. Bu undan qaytishlari uchun, ularga qilgan ayrim gunohlarining (jazosini) torttirib qo‘yish uchundir” (“Rum” surasi, 41-oyat), deyiladi muqaddas kitobning yana bir o‘rnida. Shubhasiz, bu gaplar faqat musulmonlarga emas, balki bashariyatga qarata buyurilgan ko‘rsatmalardir.

Endi epidemiyaning nega aynan Xitoy, Eron, Italiya, Fransiya, Ispaniya hamda AQSh singari mamlakatlarda boshqa joylarga nisbatan keng va tez tarqalganiga kelsak, buning sabablarini insoniy nazokat va siyosiy odob yuzasidan ochiq aytib bo‘lmaydi. Bu haqdagi ma’lumotlarni qiziquvchan gazetxonlarimiz o‘zlari izlab topganlari ma’qul, deb o‘ylayman.

Bugungi kunlarda ushbu kasallik to‘g‘risida yuqorida aytganimizdek, biri-biridan vahimali xabarlar tarqalmoqda. Aslida, vaziyat u qadar dahshatli emas. Masalan, hozirda dunyo bo‘yicha har kuni o‘rtacha 800-850 kishi koronavirus qurboni bo‘lmoqda. Holbuki, sayyoramizda bir kunda 26 ming 283 kishi saraton kasalligidan, 24 ming 641 kishi yurak xurujidan, 4 ming 300 kishi qandli diabetdan vafot etadi. 2 ming 800 kishi o‘z joniga qasd qilsa, 2 ming 877 kishini turli hasharotlar va ilonlar chaqib o‘ldiradi. Eng yomoni, ana shu bir kun ichida 1300 kishi xuddi o‘ziga o‘xshagan odamlarning qurboniga aylanadi. Yana ming-minglab kishilar avtohalokatlar va turli falokatlar oqibatida jon taslim qiladilar. Demak, hali u qadar vahimaga tushishga asos yo‘q.

Mutaxassis shifokorlarning so‘zlariga ko‘ra, hozirgi pandemiya to‘lqinli ravishda taxminan ikki yil davom etadi. Uning asosiy nishoni –  qariyalar va immuniteti sustlashgan bemor kishilar bo‘ladi. Dunyoning kasallikka chalinajak 70-75 foiz aholisidan 97-98 foizi tuzalib ketadi. Vaqt o‘tishi bilan koronavirusning shiddati so‘nadi. Chunki odamlarda unga nisbatan immunitet shakllanib, virus ham muhitga moslasha boradi.

Kishiga umid bag‘ishlaydigan yana bir tomoni shundaki, agar kasallikni ko‘rshapalaklardan yuqqani rost bo‘lsa, viruslarga harorat va quyosh nuri halokatli ta’sir qilishi kerak. Shundan kelib chiqadigan bo‘lsak, yozda uning shashti balki tamoman so‘nadi. Bu orada ushbu dardga qarshi emdori – vaksina  yaratilsa ajab emas.

O‘rni kelganda shuni qayd etish kerakki, oddiy gripp, vabo, o‘lat, qizamiq, chechak, gepatit singari yuqumli kasalliklar ham o‘z vaqtida nihoyatda qattol dard hisoblangan va aytib o‘tganimizdek, million-millionlab odamlarning yostig‘ini quritgan. Ular ham odatda, ko‘proq qish pallasida xuruj qilgan. Faqat farq shundaki, ilgari odamlar bu qadar harakatchan bo‘lishmagan va epidemiya bunchalik tez yoyilmagan. Endilikda samolyotlar koronavirusni dunyoga yashin tezligida tarqatmoqda. Shu bois ham uchoqlar qatnovi ko‘pgina davlatlar tomonidan tamoman to‘xtatib qo‘yilmoqda. Hozirgi vaziyatda, harakat qancha kam bo‘lsa, kasallikning tarqalish shashti shunchalik susayadi.

Qolgan o‘rinlarda shifokorlarning maslahat va ko‘rsatmalariga amal qilinsa kifoya.

Xudoyberdi KOMILOV,

siyosiy sharhlovchi.