«Karantinga olinganlar bilan ishlayotganimdan onam bexabar…»

Karantinga olingan shaxslarga tibbiy yordam ko‘rsatayotgan shifokor bilan suhbatlashib qoldim. Ism-sharifini aytmaslikni iltimos qildi. Sababi… Bu haqda suhbat davomida bilib olasiz. Bunday paytdagi shifokor mashaqqati, aholining tushunib-tushunmay yo‘l tutayotgani haqida mutaxassislarning fikrlari sizni ham e’tiborsiz qoldirmasa kerak.

- O‘z ixtiyoringiz bilan bordingizmi, karantin hududiga ishlashga?

- To‘la o‘z ixtiyorim bilan deb aytolmayman, shifokorlik majburiyati, burchim shuni taqozo qildi. Gippokrat qasamini ichganman, axir. Hozirga qadar bu qasamga xiyonat qilganim yo‘q. Ayni bugungi og‘ir kunlarda esa bunday yo‘l tutishga vijdonim yo‘l qo‘ymaydi. Shuning uchun hech ikkilanmay ushbu hududga ishlash uchun keldim.

- Oila a’zolaringiz bu qaroringizni, ishingizni qanday qabul qilishdi?

- Onamdan uzoqda yashaymiz. Shuning uchun u kishiga bildirmadim. Onalarning fe’lini bilasiz, men o‘n to‘rt kun bu yerda ishlasam, u kishi o‘n to‘rt kun igna ustida o‘tirganday bo‘ladi. Xavotirdan o‘ziga biror xastalik orttirib olishi hech gapmas. Rafiqam, farzandlarim ishimni yaxshi tushunishadi. Ular bilan doimiy ravishda xabarlashib turaman.

- Ish tartibingiz avvalgi kundalik ishingizdan keskin farq qiladi, shundaymi?

- Albatta! Avvalo shuni aytish kerakki, har bir shifokor hozirgi epidemiologik vaziyatda qanday ishlash kerakligidan juda yaxshi xabardor. Qaysi shifokor bo‘lishidan qat’i nazar u avvalo umumiy davolash amaliyotidan o‘tadi, vrachlar amalga oshirish kerak bo‘lgan birinchi yordam haqida yaxshi tushunchaga ega. Epidemiologik vaziyatda ham o‘zini qanday tutish kerakligini shu soha vakillarini tayyorlaydigan ta’lim dargohida o‘qiganlar juda yaxshi xabardor. Ijtimoiy tarmoqlarda bu vaziyatga shifokorlarimiz tayyor emas edi, birinchi marta duch kelishi, degan fikrlarni ham o‘qib qolamiz. To‘g‘ri, hozirgi holatga nafaqat shifokorlar, balki butun dunyo birinchi marta to‘qnash kelishi. Unga qarshi kurashishda nafaqat shifokorlarning, balki aholining, umuman, barcha soha vakillarining birdamligi, vaziyatga to‘g‘ri baho bergan holda shifokorlar tavsiyasiga qat’iy amal qilishi muhim ahamiyatga ega.

- Nazarimda, siz ish jarayonidagi qiyinchiliklarni aytib o‘tmoqchi emassiz...

- Birinchi navbatda, epidemiologik vaziyatda shifokor o‘zini himoya qilish maqsadida kiyishi lozim bo‘lgan kombenezonni kiyishning o‘zi yaxshigina vaqt talab qiladi. Tabiiyki, bu kiyimni yechmay 16 soat ishlashimiz kerak. Shuning o‘zini tasavvur qilib ko‘ring. Har bir davolovchi bemorimiz virus yuqtirgan inson bo‘lishi ehtimoli bor. Shifokor ham inson, u ham bu vaziyatda o‘zidan xavotir olishi tabiiy. Mamlakatimiz rahbari ayni kunlardagi vaziyatda shifokorlarni alohida e’tirof etishi, rag‘batlantirishi, to‘g‘risi, ko‘pchilik shifokorlarning o‘z ishiga yanada mas’uliyat bilan yondashishiga sabab bo‘ldi.

- Karantin qoidalariga amal qilishga bo‘yin egmayotganlarga nima degan bo‘lardingiz?

- Karantin hududida ham zerikkanidan u xonadan bunisiga, shunchaki, hangoma qilish uchun to‘planib olayotgan kishilar bor. Ular o‘z hayotini xatarga qo‘yayotganligini tushuntirib kelayapmiz. Zarur bo‘lganda choralar ham ko‘rilyapti. Yuqorida aytganimday, butun dunyo hozircha bu xastalik oldida bosh egib turibdi. Shu faktning o‘zi hayotimizni asrashimiz, tavsiyalarga amal qilishimiz kerakligi uchun asos bo‘la olmaydimi? Davlatimiz bu borada eng zarur choralarni ko‘rayotgani osonlik bilan bo‘layotgani yo‘q. Sizdan talab etilayotgani esa uyda o‘tirish, mabodo ko‘chaga chiqish majburiyati tug‘ilganda ham barcha qoidalarga rioya etish. Zerikkandan, gap sotish uchun ko‘chaga, shunchaki, aylanib kelish uchun do‘konga chiqishni bas qiling! Uyda qoling!

Gulruh MO‘MINOVA suhbatlashdi.