Avval import qilingan sitrus mevalar endi tomorqalarda yetishtirilyapti
Bu haqdagi to‘liq ma’lumot viloyat Matbuot uyida Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi viloyat bo‘limi mutaxassislari ishtirokida o‘tkazilgan matbuot anjumanida berildi.
Rais o‘rinbosari Alisher Qarshiyevning qayd etishicha, o‘tgan yili viloyat aholisi tasarrufidagi 121,9 ming gektar yer maydonida bahorgi, 3takroriy hamda to‘qsonbosti usulida ekinlar ekib, hosil olingan. Natijada, yil yakuni bilan 2 million 263 ming tonna mahsulot yetishtirilgan.Yil davomida uch marta hosil olishga imkon beradigan 12,4 ming ixcham issiqxonalar tashkil etilgan.
- O‘tgan yillar bilan solishtirilganda suv ta’minoti og‘ir bo‘lgan 115 ta mahallada tomorqalarni sug‘orish uchun 277 ta quduq qazish xarajatlarini qoplab berish uchun 32,4 milliard so‘m subsidiya ajratildi, - deydi A.Qarshiyev. – Natijada, 7 585 ta xonadonning 834 gektar tomorqa yerlarida ikki marta ekin ekish va qo‘shimcha daromad olish imkoniyati yaratildi.
Tomorqachilarimizda odatiy ekinlar bo‘yicha tajriba, ko‘nikma bor edi. Faqat yaqin yillargacha sitrus mevalarni valyuta hisobiga import qilardik. Dehqonlarimizning tajribalari asosida avval qulupnay va limon mahalliylashtirildi. Hozirda kivi, mandarin, hattoki banan ham tomorqada yetishtirilyapti. Bunday misollarni Bulung‘ur, Kattaqo‘rg‘on, Toyloq va boshqa tumanlarda uchratish mumkin.
Birgina Bulung‘ur tumani Gulzor mahallasida yashovchi tomorqachiga kengashimiz ko‘magida 30 million so‘m mablag‘ ajratildi va bir necha yil ichida u tomorqasida issiqxona tashkil etib, yil davomida qulupnay yetishtirmoqda. Faqat tomorqachilarimiz uchun apelsin yetishtirish biroz qiyinchilik tug‘dirmoqda. Yaqingacha gul qimmat narx evaziga samolyotda keltirilardi. Hozir Toyloq, Oqdaryo tumanidagi tomorqachilar Gollandiyaning eng noyob atirgullarini ham o‘zlari yetishtirib, tomorqadan yaxshigina daromad olmoqda.
Kengashning yana bir asosiy vazifasi fermerlar manfaatini himoya qilish hisoblanadi. Lekin o‘tgan yilda paxta xomashyosi xarid qilishda ancha tafovut yuzaga keldi va klaster korxonalari tomonidan to‘lanishi lozim bo‘lgan mablag‘ning kechiktirishi xo‘jaliklarga birmuncha qiyinchilik yaratdi. Aynan shunday holatlarda kengash fermerning manfaatini himoya qilishi uning asosiy vazifalaridan biri hisoblanadi.
Viloyat fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi yuristkonsulti Furqat Norboyevning aytishicha, 2023 yilda bu borada 114 milliard so‘mlikdan ortiq 887 ta da’vo arizasi kiritilgan va 92,7 milliard so‘mlik 727 ta ariza qanoatlantirilgan. Joriy yilning o‘tgan ikki oyida esa fermer xo‘jaliklarining manfaatlari uchun 229 ta da’vo arizasi kiritilgan.
O‘ktam XUDOYBERDIYeV.