Ayol kishining prokuratura idoralarida ishlashi qiyinmi?

Prokuratura organlarida haqiqiy fidoyilar ishlay oladi. Men uchun prokuratura organlarida ishlash – FAXR! Shunday nufuzli tizimda xizmat qilish, darajali unvonlar taqilgan xizmat formasini kiyib yurish - katta mas’uliyat. Salkam 18 yillik ish faoliyatim davomida “adliya maslahatchisi” unvoniga erishdim. Ish o‘rganuvchi sifatida ish boshlab, turli lavozimlarda bosqichma-bosqich xizmat qildim.

Oilaliman, uch nafar farzandim bor. Albatta bunday ma’suliyatli lavozimda ishlash bilan birga oiladagi bekalik vazifamni ham birdek uddalash, farzandlar tarbiyasiga vaqt ajratish ikki karra ko‘proq mas’uliyat, qat’iyat va shijoat talab qiladi.

O‘zbekiston  Respublikasi  Prezidentining 2018 yil 2 fevraldagi “Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash va oila institutini mustahkamlash sohasidagi faoliyatni tubdan tashkomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bilan bilan xotin-qizlar va oilalardagi muammolarni o‘rganish, og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan xotin-qizlarni o‘z vaqtida aniqlash, ularga ham moddiy, ham ma’naviy yordam berish, olis qishloqlarda yashovchi ayollarni qiynab kelayotgan muammolarni aniqlash va ularga manzilli ko‘mak ajratish maqsadida uyma-uy yurib, oilalardagi ijtimoiy-ma’naviy muhitni o‘rganish vazifalari belgilandi.

Viloyat prokuraturasi tomonidan xududiy hokimliklar bilan hamkorlikda yordamga muhtoj, og‘ir ijtimoiy sharoitga tushib qolgan 678 nafar xotin-qizlarga manzilli yordam berildi, ish bilan ta’minlash, hunarmandchilikka, tadbirkorlikka jalb etish choralari ko‘rildi.

Qishloqlarda yashayotgan 60 nafarga yaqin imkoniyati cheklangan ayollar yirik korxona va tashkilotlar ko‘magida kasanachilik asosida ishga qo‘yildi.

O‘rganish davomida uy-joyga muhtoj, ishsizligi yoki daromadi yetishmasligi sababli uy olish uchun imkoniyati yetarli bo‘lmagan 255 ta oilalar aniqlanib, ularni uy-joy bilan ta’minlash choralari ko‘rilmoqda.

19 ming 148 nafar nogiron xotin-qizlarning ro‘yxati aniqlanib, ularning oilaviy sharoitlari, ijtimoiy ahvoli o‘rganildi hamda vaziyat va sharoitidan kelib chiqib tegishli yordamlar ko‘rsatilmoqda.

Viloyat miqyosida jami 560 ta notinch, muammoli oilalar mavjudligi aniqlandi. Ular bilan yaqindan ishlash natijasida ajrim yoqasiga kelib qolgan ko‘plab oilalar yarashtirildi.

Jazo muddatini o‘tab qaytgan 5 nafar xotin-qizga ijtimoiy-moddiy yordam ko‘rsatilib, ular tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi va ishga joylashtirildi.

Xizmat vazifamizni bajarish, qonunchilik ijrosini ta’minlash asnosida shuncha insonga yordamimiz tegayotganining o‘zi kasbimizning nechog‘lik muqaddas ekanligini ko‘rsatadi. Prokuratura organlarida ishlab, jamiyatimiz rivojiga o‘z hissamni qo‘shayotganimdan baxtiyorman.

Norsuluv Soyipova,

Samarqand shahar prokurori o‘rinbosari.