Ayol «samosud» qilinyapti: atrofdagilarning bari tomoshabin
Oxirgi paytlar "samosud" aks etgan videotasvirlar, ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlar orqali keng tarqalyapti, deb yozmoqda human.uz. Bugun ham ijtimoiy tarmoqlarda Angrenda 2-3 nafar ayolning oila buzilishiga sababchi bo‘lgan deya aytilayotgan ayolni kaltaklayotgan videosi e’lon qilindi. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 19-moddasiga binoan fuqarolarning konstitutsiya va qonunlarda belgilab qo‘yilgan huquq va erkinliklari daxlsizdir, ulardan sud qarorisiz mahrum etishga yoki ularni cheklab qo‘yishga hech kim haqli emas.
Xavotirli tomoni shundaki, bu kabi holatlar borgan sari boshqa-boshqa joylarda turlicha sodir etilyapti. Aslida, «samosud»ni uyushtirishga hech kimning haqqi yo‘q. Hatto, turmush o‘rtog‘ini begona ayol bilan birga yurganini ko‘rgan ayolning ham. To‘g‘ri, «Er bermoq—jon bermoq» naqli bejiz aytilmagan. Ammo yuqoridagi videotasvirni ko‘rib, mutlaqo boshqa fikr keladi xayolga. Haqiqattalab «samosud» qilayotgan ayol erini butkul o‘zidan sovutib yuborgan bo‘lsa-chi? Axir, uydan olinmagan mehr, uydan topilmagan halovat, albatta, ko‘chadan izlanadi.
1948 yil 10 dekabrda qabul qilingan «Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi»ning 5-moddasida «Hech kim azob-uqubatga yoki vahshiylarcha insonlikka isnod bo‘lgan yoki qadr-qimmatini xo‘rlaydigan muomala va jazoga mustahiq bo‘lmasligi kerak» deyilgan. Shuningdek, 9-moddasida esa «Hech kim o‘zboshimchalik bilan qamalishi, ushlanishi yoki quvg‘in qilinishi mumkin emas» jumlasi mavjud. Afsuski, «samosud»lar bolalar, o‘smirlar va ayollar — jinoyat ustida «ushlanganlar» sifatida qurbon bo‘layapti. Ularning ustidan o‘zicha hukm chiqarish, turli yo‘llar bilan o‘zaro til biriktirgan holda jazolash insoniylikka ham to‘g‘ri kelmaydi. Faqat qonungina shaxsni jazoga tortishi mumkin.
«Samosud»larning yana bir xatarli tomoni shundaki, u ko‘chada, bozorda xullas odamlar gavjum joylarda sodir etilyapti. Kattalar qatorida yosh bolalar ham birdek tomoshabin ekani, bu hodisa ularning diydasini qotishiga zamin yaratayotgani bilan hech kimning ishi yo‘q.
Agar biror kishi jinoyatchi bo‘lsa, unga qonuniy tartibda jazo beriladi. Duch kelgan joyda, istalgan ko‘rinishda — urish, so‘kish, tepkilash, haqorat qilish, tahqirlash orqali emas! Bu nafaqat jamiyat mezonlariga to‘g‘ri kelmaydi, aksincha, insonning huquqiga, yashash daxlsizligiga zid hisoblanadi.
O‘g‘irlik qilganlikda, yomon yo‘lga kirib qolganlikda gumonlanayotganlarni aybdor deb topish faqatgina sud vakolatiga kiradi. Har qanday jamiyatda qonun-qoida asosida, tartib-intizom ustun bo‘lsagina umumiy totuvlik va birdamlikka erishish mumkin. «Samosud»lar ko‘paygani sayin ana shu birdamlikka darz ketadi, totuvlik yemiriladi. Har kim o‘zicha bir dumalab «zakunchi»ga aylanib oladi. Oqibati esa bir qancha fojialar bilan tugaydi. Hatto, oxiri o‘lim bilan yakun topgan «samosud»lar yo‘q emas.
Ayrim jamiyatlarda «samosud»larning «top 10»taliklari sanab chiqilayotgan bir paytda bizning zamonamizda bu illatga birdaniga nuqta qo‘yish aslo imkonsiz. Odamlar o‘rtasidan oqibat ko‘tarilmasligi, ishonch yo‘qolmasligi, muruvvat rishtasi uzilmasligi uchun yangi yo‘llar izlash fursati yetdi. Axir, bolani tarbiyaga chaqirishning, ayolni to‘g‘ri yo‘lga boshlashning, er yigitni hidoyatga chorlashning ming bir xil usuli bor.
Normal huquqiy jamiyat qurmoqchi ekanmiz, jinoyatga jazoni har kim emas, balki vakolatli organlar tayinlashi shart va zarurligini odamlarimizga uqtira olishimiz kerak.