Ayollar va bolalar qulligiga yo‘l qo‘ymaymiz
Respublika "Istiqbolli avlod" ijtimoiy-axborot markazi Samarqand viloyat bo‘limi tomonidan Toyloq tumanidagi bir martalik ish bilan ta’minlash byurosida “Zo‘ravonlik tahdidi ostidagi ekstremizmning oldini olish» muloqot–mashg‘ulot loyihasi bo‘yicha trening o‘tkazildi.
Treningda markaz xodimlari ish izlab kelgan va bandligi vaqtincha ta’minlanmagan fuqarolarga odam savdosi va noqonuniy migratsiya bilan to‘qnash kelish xavfida bo‘lgan ijtimoiy zaif aholi o‘rtasida odam savdosi va noqonuniy migratsiya oqibatlari, shuningdek, zo‘ravonlik tazyiqi ostida sodir etiluvchi huquqbuzarlik, jinoyatchilik, ekstremizm va boshqalarni oldini olish bo‘yicha mashg‘ulot o‘tkazdi.
- Markaz tomonidan bu kabi treninglar doimiy ravishda o‘tkazib boriladi, - deydi "Istiqbolli avlod" ijtimoiy-axborot markazi Samarqand viloyat bo‘limi rahbari Madina Najmiddinova. - Asosiy maqsadimiz odam savdosining oqibatlari, jamiyatdagi turli zo‘ravonliklar to‘g‘risida aholini ogohlantirish, migrantlar, aholining zaif qatlamiga ijtimoiy-huquqiy bepul xizmat ko‘rsatish, odam savdosi va zo‘ravonlikning boshqa turlariga qarshi kurashish bo‘yicha yoshlarni volontyorlik harakatiga jalb qilish va uni rivojlantirishdan iborat. Targ‘ibot-tashviqot tadbirlari olib borish barobarida qator tashkilotlar hamkorligida ushbu jinoyatdan jabr chekkanlarga yordam ko‘rsatish ishlarini ham amalga oshiramiz. O‘tgan yil davomida markazimizga mingdan ziyod murojaatlar bo‘lib, ularni tegishli tashkilotlar yordamida hal qildik.
Markaz tomonidan shunday treninglar viloyatimizning boshqa tumanlarida, shuningdek, xotin-qizlar o‘rtasida ham o‘tkazilishi belgilangan.
Jalolxon Amirxonov.