Ayollarga salomatlik tuhfa etildi
Viloyat perinatal markazida O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vazirligi hamda Germaniya hamkorlik tashkilotining O‘zbekistondagi vakolatxonasi tomonidan Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan “Yuqori texnologik tibbiy asbob-uskunalardan foydalanish ayollar salomatligining garovidir” mavzusida aksiya boshlandi.
Ikki kunlik aksiyada Fransiyaning CICE endoskopik ginekologiya va jarrohlik xalqaro markazi, Rossiya ilmiy tadqiqot tibbiyot universitetining yuqori malakali mutaxassislari, Germaniya xalqaro aloqalar jamiyati (GIZ) loyihasi vakillari Samarqand davlat tibbiyot instituti professor-o‘qituvchilari hamda viloyatimizdagi davolash profilaktika muassasalari xodimlari ishtirok etmoqda.
– Dasturimiz ikki yo‘nalishdan iborat bo‘lib, ginekologiya sohasida tibbiy ko‘rik va kam invaziv usulda jarrohlik amaliyotini o‘tkazamiz, – deydi Rossiya ilmiy tadqiqot tibbiyot universiteti professori L.Kappusheva. – Maqsadimiz ayollarda uchraydigan ginekologik kasalliklarni katta jarohatlarsiz samarali davolab, farzand ko‘rishdek baxtga erishishlariga ko‘maklashishdan iborat. Mazkur jarayonda ayollar jarrohlik amaliyotidan keyin juda tez tiklanadi. Tadbirning bayram kunlari o‘tkazilishi bejizga emas. Inson uchun eng katta sovg‘a bu salomatlik. Bemor ayollarning sog‘ligini tiklashga o‘z hissamizni qo‘shib, ularga bayramona kayfiyat ulashishni maqsad qildik.
Aksiyaning dastlabki kunida 210 nafar ayollar ko‘krak bezi bo‘yicha tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi va 7 nafar ayolda jarrohlik amaliyoti o‘tkazildi. Bundan tashqari, onkolog-mammologlar tomonidan ayollarga maslahatlar berildi.
– Ko‘krak bezi saratoni onkologik kasalliklar ichida birinchi o‘rinda turadi, – deydi Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Samarqand filiali mammologi Parvina Zaripova. – Afsuski, ayollarimiz kasallikning ikkinchi, uchinchi bosqichlarida murojaat qilishadi. Kasallikni birinchi bosqichida bor-yo‘g‘i 10 foiz ayollar payqab, o‘z vaqtida murojaat qiladi. Bu kasallikni vaqtida aniqlash unga qarshi kurashning eng samarali usuli. Shu bois haftaning har shanba kuni tumanlarda ko‘rik o‘tkazamiz. Kasallik ilk bosqichda aniqlangan bemorlar 90 foiz holatda sog‘lom hayotga qaytadi.
Tadbir doirasida xorijlik mutaxassislar tomonidan mahalliy tibbiyot xodimlari uchun mahorat mashg‘ulotlari o‘tkazilmoqda.
Alisher Isroilov.