Banklarning iqtisodiyotdagi moliyaviy vositachilik roli qanday oshiriladi?

Bank tizimini isloh qilish borasidagi ishlarning davom ettirilishi muhim vazifa bo‘lib, bu borada respublikada bank faoliyati va biznes jarayonlarini transformatsiya qilish doirasida sa’y-harakatlar bank tizimida raqobat muhitini yaxshilash, banklarning iqtisodiyotdagi moliyaviy vositachilik rolini oshirish, davlat banklarini transformatsiya qilish va ularning faoliyatini tijoratlashtirish hamda tizimda xususiy kapital ishtirokini kengaytirish lozim.

Banklarni transformatsiya qilish dasturlari yetarlicha bajarilmaganligi oqibatida 2020 yilning 1 yanvar holatiga mavjud 30 ta bankning 13 tasi kapitalida salmoqli davlat ulushi mavjud.

To‘lov tizimini rivojlantirish, uzluksiz va barqaror faoliyatini ta’minlash maqsadida banklararo to‘lov tizimining barcha mijozlar uchun kechayu kunduz rejimida ishlashini ta’minlash bo‘yicha ishlarni yakuniga yetkazish, bank kartalariga asoslangan chakana to‘lov infratuzilmasini kengaytirish, ilg‘or moliyaviy texnologiyalar asosida aholi va tadbirkorlik sub’yektlariga ko‘rsatilayotgan masofaviy bank xizmatlarining turlari va ko‘lamini oshirishga alohida e’tibor qaratish talab qilinadi.

To‘lov infratuzilmasining yagona integrallashuviga erishish imkonini beruvchi hamda bir monopol tizimning mutlaq ustun bo‘lishining oldini oluvchi tizim yaratish vazifasi to‘liq bajarilmagan.

Mahalliy va xalqaro bank kartalari bo‘yicha hisob-kitoblarda ishtirok etuvchi banklar o‘rtasida axborot va texnologik aloqa o‘rnatishga ko‘maklashuvchi Milliy banklararo protsessing markazining ishlashi talab darajasida emas, ya’ni tashkil etilgan “Xumo” to‘lov tizimi to‘laqonli raqobatchi sifatida o‘zini namoyon etmagan.

Yil davomida bank kartalaridagi mablag‘larning 32,4 foizi naqd shaklda yechib olinib, bu ko‘rsatkich o‘tgan yildagi 17,4 foizga nisbatan deyarli ikki barobarga ortib ketganligi Markaziy bankning “yashirin” iqtisodiyotni kamaytirish borasida faoliyati yetarli emasligini ko‘rsatadi.

Markaziy bank boshqaruv raisining Oliy Majlis Senatiga hisobotidan.