Bankni 240 million so‘mga chuv tushirgan "tadbirkor"
Oybek Sharipov katta ishning boshini tutib, ko‘p daromad qilishni maqsad qildi. U "Muhammad qandolat lazzat" oilaviy korxonasini tashkil etib, novvot va boshqa qandolat mahsulotlari ishlab chiqarish faoliyatini yo‘lga qo‘ydi. Ishlar joyida, savdo ham yomonmas.
Oradan besh-olti oy o‘tgach, O.Sharipovda tadbirkorlik faoliyatini kengaytirish maqsadi paydo bo‘ldi. Tadbirkorlikka davlat tomonidan e’tibor kuchli: yer desa yer beryapti, kredit desa imtiyozli kredit. Buni yaxshi anglab yetgan O.Sharipov "Milliy bank" Kattaqo‘rg‘on filialidan 240 million so‘m kredit so‘radi. Tabiiyki, bank bunday yirik miqdordagi kreditga garov uchun shunga yarasha mol-mulk talab qiladi. U esa jiyani Q.Sharipovga tegishli bo‘lgan Narpay tumani "Mirbozor" mas’uliyati cheklangan jamiyati hududida joylashgan 2 ta savdo do‘koni, "Narpay qandolat lazzat" mas’uliyati cheklangan jamiyatiga qarashli noturarjoyni hamda tog‘asi A.Muqumovga tegishli "Lasetti" rusumli avtomashinani garov sifatida taqdim etadi. Me’yoriy hujjatlar joy-joyiga qo‘yilgach, "Muhammad qandolat lazzat" oilaviy korxonasi uchun "Milliy bank" Kattaqo‘rg‘on filiali 12 oy muddatga yillik 18 foiz ustama to‘lash sharti bilan 240 million so‘m kredit mablag‘i ajratadi.
Endigi voqealar hikmatning ikkinchi qismi mazmuniga mos. O.Sharipov olingan pulning 95 million so‘mini qandolat mahsulotlari ishlab chiqarish uchun 36,8 tonna shakar sotib olish maqsadida Xorazm viloyatidagi korxonalarning birining hisob raqamiga o‘tkazadi. Ammo olib kelingan 36,8 tonna shakarni qandolat mahsulotlari ishlab chiqarishga yo‘naltirmasdan naqd pulda sotib yuboradi. Birinchi ishi ancha muvaffaqiyatli o‘tdi. Bu safar xomashyo miqdorini qariyb ikki barobarga, ya’ni 145 million so‘m evaziga 60 tonna oshirib buyurtma beradi. Navbatdagi xomashyoni ham oilaviy korxonasida qandolat mahsulotlari ishlab chiqarish uchun ishlatmasdan naqd pulga sotib yuboradi. Nima bo‘libdi, dersiz. Axir u kredit olayotganda ish o‘rni yaratishini, bozorga mahsulot olib chiqishini maqsad qilib ko‘rsatgan edi. Ammo O. Sharipov bergan va’dalarini bajarish tugul 12 oy ichida qaytarishi kerak bo‘lgan qarzini ham to‘liq qaytarmaydi. U bor-yo‘g‘i 61 million 31 ming so‘mni bankdagi qarzining bir qismini qoplash uchun to‘laydi va qolgan pulini o‘zining shaxsiy ehtiyojlariga sarflab yuboradi. Oradan 3 yildan ziyod vaqt o‘tsa hamki, bankdagi 178 million 969 ming so‘mlik qarzini qaytarmadi. Ish sudgacha yetdi.
Endi bu aldovning natijasiga qarang: kim zarar ko‘rdi? Garovga qo‘yilgan mol-mulklar musodara qilindi. O.Sharipov esa qilmishiga yarasha jinoiy javobgarlikka tortildi
K.JAVDANOV,
Narpay tumani prokurori.