Barcha dushmanlarim o‘ldi, dushmansiz qoldim...

Rey Bredberi (hikoya)

Yettinchi sahifada ta’ziyanoma (nekrolog) bo‘lardi: «Timoti Sallivan. Kompyuter dahosi. 77 yosh. Saraton. Norasmiy xabarlarga ko‘ra dafn marosimi Sakramento shahrida bo‘lib o‘tadi».

- Xudoyim! – baqirib yubordi Uolter Gripp. - Xudoyim, hammasi tugadi.

- Nima  tugadi? - so‘radim men.

Endi yashashning qizig‘i yo‘q. Mana, o‘qi. Uolter gazetani silkitdi.

- Nima bo‘pti? Bemor ekan, - hayron bo‘ldim.

- Barcha dushmanlarim o‘ldi.

- Hamdu sanolar bo‘lsin! - Kulib yubordim. – Bu badbaxtdan xalos bo‘lishni qanchalar kutgansan axir...

- Razil badbaxtni…

- Ha, mayli razil badbaxtni. Xursand bo‘lmaysanmi?

- Xursand bo‘lish? Jin ursin. Endi yashashning hojati yo‘q, qizig‘i qolmadi-ku, axir nega tushunmaysan? Hech qanday qizig‘i yo‘q!

- Nima deganing bu?

- Sen tushunmaysan. Tim Sallivan haqiqiy ablah edi. Men butun jonim, butun borlig‘im bilan undan nafratlanardim.

- Xo‘sh, endi-chi?

- Meni eshitmayapsan chog‘i. Uning o‘limi bilan olov yo‘qoldi. Uolterning yuzi oqarib ketdi.

- Olov deganing nimasi, qanaqa olov, jin ursin?!

- Alanga... ko‘ksimdagi, qalbimdagi, ko‘nglim tubidagi cho‘g‘... U tufayli yonib turardi. Meni oldinga yetaklardi. Kechalari nafratdan baxtli bo‘lib uyquga ketganimni... ertalab uyg‘onib, kun davomida uni ketma-ket o‘ldirishim uchun nonushta menga zarur bo‘lgan kuch berishini bilishdan xursand edim. U barisini barbod qildi, gulxanimni so‘ndirdi.

- U ataylab shunday qildi deysanmi? Seni g‘azablantirish uchun o‘ldimi?

- Shundoq desa ham bo‘ladi. Mayli, nailoj. Endi yotoqqa kirib yaralarimni tirnayman.

- Qo‘ysangchi yig‘loqilikni, o‘tirib, sharobingi ich. Nima qilyapsan?

- Ko‘rmayapsanmi, ustimni yopayapman. Balki bu mening oxirgi kechamdir.

- Tursangchi, bu g‘irt bema’nilik axir...

- O‘lim bema’ni narsa, biror bir insult kor etib – qarabsanki, men ham yo‘qman.

- Demak, u buni ataylab qilgan ekan.

- Unga to‘nkamayman. Shunchaki fe’lim yomon. O‘likxonaga qo‘ng‘iroq qil, ularda qanday qabr toshlari bor ekan. Menga hech qanday farishtalar suratlarisiz, oddiy toshtaxta ham bo‘laveradi. Qayeqqa ketayapsan?

- Tashqariga, toza havodan nafas olaman.

- Qaytib kelganingda, men bo‘lmay qolgan bo‘laman.

-  Biror bir aqli raso odam bilan gaplashib olmagunimcha chidab turasan.

- Kim bilan?

- O‘z-o‘zim bilan!

Tashqariga chiqib bir pas quyoshda turdim.

«Bunday bo‘lishi mumkin emas», - e’tiroz bildirdim o‘zimga o‘zim. Shoshma-shoshma, nima qilsam ekan?»

«Mendan so‘rama, - javob berdi ichki ovozim. – U o‘lsa, biz ham o‘lamiz. Ish yo‘q – pul ham yo‘q. Mana bu nima, uning yozuv daftarchasimi?”

«Aynan, o‘sha».

«Ro‘yxatlarni qarab chiq, balki birorta tirik va sog‘lom kishi topilar».

«Xo‘sh... Varaqlay boshladim. A, B, V, hammasi o‘lgan!»

«G,D, Ye, va J.larni ko‘rib chiq!»

«Ular ham o‘chirilgan, demak o‘lik!»

Kitobchani yopib qo‘ydim.

U haq: uning do‘stlari... dushmanlari… hammasi... Bu o‘liklar kitobi-ku?!

«Juda qiziq bo‘ldi-yu, bu haqda yozish kerak».

«Xudoyim, qiziq emish! Boshqa biror narsa o‘ylab topsang-chi»!

«Shoshma. Ayni damda unga nisbatan qanday his-tuyg‘ularing bor?  Topdim! Tomosha endi boshlanadi. Qaytdik!»

Eshikni ochib, boshimni ichkariga tiqib oldim.

- Haliyam o‘layapsanmi?

- Sen nima deb o‘ylaganding?

- Qaysar eshak.

Xonaga kirib, uning tepasida turib oldim.

- Ovozimni o‘chirishimni xohlaysanmi? – so‘radi Uolter.

- Sen eshak emas, jahldor, qashang ot ekansan. Bir pas sabr qil, hammasini birdaniga to‘kib tashlashim uchun fikrlarimni yig‘ib olishim kerak.

- Kutyapman… dedi Uolter.. – Tezroq bo‘l, men ketib qolishim mumkin.

- Qaniydi, shundoq  bo‘lsa edi... Bo‘lmasa eshit!

- Gapir do‘stim.

- Yo‘q, Men sening do‘sting emasman.

- Qo‘ysangchi, shu gaplaringni, birodar! - dedi u jilmayib.

- O‘lish arafasida ekansan, men tan olishim kerak.

- Aslida men istig‘for qilishim kerak.

- Men boshlay qolay.

 Uolter ko‘zlarini yumib, jim bo‘lib qoldi.

- Esingdami, 1969 yilda naqd pul taqchil bo‘lgan paytlar edi, sen yo‘qolgan pullaringni Sem Uillis o‘zi bilan Meksikaga olib ketdi, deb o‘ylaganding?

- Albatta Sem, yana kim ham bo‘lardi?

- Yo‘q, pullarni men o‘margandim.

- Qanaqasiga?

- Shunaqasiga, - dedim men. – Bu mening ishim edi. Sem bir oyimcha bilan qochib ketgandi. Men esa pullarni cho‘ntagimga solib, hamma narsani unga to‘nkargan edim.

- O‘tgan ishga salavot, bu unchalik katta gunoh emas, dedi Uolter. – Seni kechirdim.

- Bu hali hammasi emas.

- Xo‘sh, - dedi Uolter yana jilmayib.

- Ellik sakkizinchi yil... maktabdagi bitiruv kechasini eslaysanmi?

- Ha, Meri Jeyn Karuzo bilan raqsga tushmoqchi bo‘lganim...

- U bilan raqsga tushishing mumkin edi. Men unga sening boshqa ayollar bilan “qahramonlik”laring to‘g‘risida har xil rost-yolg‘on gaplarni aytgandim.

Uolter menga yalt etib qaradi-da, keyin nigohini uzdi.

- Mayli, yoshlikda nimalar bo‘lmaydi deysan. Bo‘ldimi?

- Yo‘q, hali.

- Voy, xudoyim! Juda qiziq. Ha, mayli to‘kib soch endi.

-  Genriyetta Jordanni-chi, eslay olasanmi?

- Albatta, Genriyetta go‘zal qiz. Biz u bilan birga ajoyib yozni o‘tkazgan edik.

- Ajoyib yozing men tufayli tugagan edi.

- Nima?!

- U seni tashlab ketdi, shunday emasmi? Onasi o‘layotgani va u onasi yonida bo‘lishi kerakligini aytganmidi?

- Genriyettani ham yo‘ldan ozdirgan senmiding?

- Shunday. Xo‘sh.. keyingisi: «Ayronvorks» aksiyalarini zararga sotishga majbur qilganim esingdami? Bir haftadan keyin bahosi o‘sa boshlaganida ularni o‘zim sotib olgandim.

- Ha, mayli, bu unchalik qo‘rqinchli emas, - dedi Uolter sabr bilan.

- Keyingisi.. xo‘sh... Xotining! Biz u bilan senga xiyonat qildik.

- Xiyonat?

- Ha, endi...

- Og‘zingni yop!

Uolter jahl bilan adyolni mahkam ushladi.

- Yolg‘on, men bu haqda bilgan bo‘lardim!

- Uning Provansdagi vino safarini eslaysanmi?

- Albatta.

- O‘shanda u Parijda mening golf poyabzalimdan shampan ichayotgan edi.

- Golf poyabzalidan?

- Ha, Parij bizning golf klubimiz edi. Biz esa jahon chempioni... Keyin Marokash... keyin...

- U hech qachon u yerlarda bo‘lmagan!

- Bo‘lganda qandoq va juda ko‘p marotaba. Rim, Tokio, Stokgolm!

- Lekin uning ota-onasi shved edi.

- Unga Nobel mukofotini ham men topshirganman. Bryussel, Moskva, Shanhay, Boston, Kohira, Oslo, Denver, Deyton!

- Bas qil, Xudoyim, bas qilsangchi!

Gapirishdan to‘xtab, xuddi eski filmlardagidek, deraza oldiga borib, sigareta tutatdim. Uolterning piqillab yig‘layotgani eshitildi. O‘girilib qarasam, u oyoqlarini krovatda osgancha o‘tirar, ko‘z yoshlari esa yerga tomib turardi.

- Yaramas! - piqilladi u.

- Ha.

- Ablah!

- Shunday.

- Jirkanch maxluq!

- Rostdanmi?

- Eng yaxshi do‘stim. Seni o‘ldiraman!

- Agar qo‘lga ololsang.

- Keyin tiriltiraman va yana o‘ldiraman!

- Nima qilyapsan?

- Joyimdan turayapman, jin ursin! Qani bu yerga kelchi!

- Bekor aytibsan, - eshikni ochib, tashqariga qaradim. – Xayr.

- Bunga hatto yillar ketsa ham, seni baribir o‘ldiraman.

- Juda kulgili, yillar emish!

- Hatto 100 yillar kerak bo‘lsa ham...

- 100 yillar. Ajoyib!

- To‘xta, la’nati!

Uolter gandiraklab yonimga keldi.

- Itvachcha!

- Aynan!

- Ablah!

- Hamdu sanolar... Endi o‘zingga o‘xshayapsan. Yangi yiling muborak!

- Nima, qanaqa yangi yil, badbaxt?

- Salomat bo‘lgin! Bugungacha sen uchun kim edim?

- Do‘stim.

- Ha, do‘sting terapevt hazilini qo‘lladi.

- Itvachcha, - deb baqirdi Uolter.

- To‘ppa to‘g‘ri, uning o‘zginasiman!

Eshikdan yugurib chiqdim va jilmaydim.

- O‘zginasi!

Eshik orqamdan taraqlab yopildi.

Bahora Muhammadiyeva tarjimasi.