Bariatrik jarrohlik nima? Uni Samarqandda amalga oshirishdan kimga naf?
Yaqinda viloyat Kengashi deputatlari Respublika ixtisoslashgan Endokrinologiya ilmiy amaliy tibbiyot markazi Samarqand viloyat filialida bariatrik jarrohlikni amaliyotga tatbiq etish uchun byudjetdan 1 mlrd. 265 mln. so‘m ajratish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Nega?
Bugungi kunda semizlik dunyo aholisining sog‘lig‘iga jiddiy xavf solayotgan muammolardan biri hisoblanadi. Jahon Sog‘liqni Saqlash Tashkilotining ma’lumotlariga ko‘ra, dunyoda 2 milliard odam ortiqcha tana vazniga ega. Uni davolashda eng keng qo‘llaniladigan usullardan biri “bariatriya” jarrohligi (grekcha - semizlikni davolash) hisoblanadi. Bariatriya parhez va medikamentoz usullarni ham o‘z ichiga olishiga qaramasdan, u haqida gap ketganda ko‘pchilik jarrohlik usulini ko‘z oldiga keltiradi.
Tana vazni indeksining 35kg\m2 dan oshiqligi, semizlik fonida qo‘shimcha kasalliklarning bo‘lishi va tez rivojlanib borishida bariatrik jarrohlikka ko‘rsatma beriladi.
Shuningdek, turli terapevtik davo usullarining samarasizligi ham bu usulni qo‘llashni taqozo qiladi.
Homiladorlik va laktatsiya davrida, anamnezda turli ruhiy kasalliklar bo‘lishi, alkogolizm va narkomaniya, umumiy anesteziyaga qarshi ko‘rsatma bo‘ladigan kasalliklarda bariatrik jarrohlik amalga oshirilmaydi.
Bugungi kunda dunyoning ko‘plab mamlakatlarida bariatrik xirurgiya keng yo‘lga qo‘yilgan. Biroq ushbu jarrohlik usuli uchun ancha katta mablag‘ sarflanadi. Masalan, Turkiyada 5 500, Avstraliyada 25 000, Buyuk Britaniyada 8 000-15 000, Birlashgan Arab Amirliklarida 13 000, Hindistonda 6 500-8 000 dollar.
O‘zbekistonda bariatrik jarrohlik yangi davo usullaridan bo‘lib, amaliyot ko‘proq xususiy shifoxonalarda chet ellik mutaxassislarni jalb qilgan holda o‘tkaziladi. Shu bois, Endokrinologiya ilmiy amaliy tibbiyot markazi viloyat filialida mazkur davolash usulini amaliyotga tatbiq etish rejalashtirilyapti.
Xalq deputatlari viloyat Kengashining qarori bilan ushbu maqsad uchun mahalliy byudjetdan 1 mlrd. 265 mln. so‘m ajratilishi belgilandi.
Savol tug‘ilish tabiiy, mutaxassislarchi? Aytish mumkinki, markaz endokrinolog-diyetolog, reanimatolog, jarroh mutaxassislari dunyoning ko‘zga ko‘ringan klinikalarida malaka oshirmoqda.
Ya’ni, yaqin kunlarda bariatrik jarrohlik usuli Samarqand viloyatida yo‘lga qo‘yilib, xalqimiz uchun katta qulayliklar yaratiladi. O‘ylaymizki, bu tibbiy turizmning rivojlanishiga ham zamin yaratadi.
Gulzoda Negmatova, Endokrinologiya ilmiy amaliy tibbiyot markazi viloyat filiali boshlig‘i.