Bayden Rossiyani Ukraina masalasida yana bir bor qat’iy ogohlantirdi
AQSh Prezidenti Jo Bayden va Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning video muloqoti butun jahon diqqat markazida bo‘lib turibdi, deb yozadi bbc.
Muloqot davomida Bayden mabodo Rossiya Ukrainaga bostirib kirsa, AQSh Rossiyaga nisbatan "kuchli iqtisodiy va boshqa choralar ko‘rishga tayyorlanayotgani"ni aytgan.
Prezident Bayden Ukraina chegarasiga yaqin hududda Rossiya harbiy kuchlari to‘planganidan xavotir bildirgan, taranglikni yumshatishga chaqirgan. Rossiya esa hujum qilmasligini aytgan.
Prezident Putin Ukrainani provokatsiyada ayblagan va NATOning sharqqa kengaymasligi va Rossiyaga yaqin joyga qurol-yarog‘ joylashtirilmasligiga kafolat olishini istashini aytdi.
Hozirgi vaqtda Ukraina chegarasiga yaqin hududda 90000 dan ortiq Rossiya askarlari to‘plangan deb ishoniladi. Bu narsa allaqachon tarang bo‘lgan Rossiya bilan AQSh o‘rtasidagi munosabatlarni yanada taranglashtirdi.
Prezidentlar Bayden va Putinning videoanjumanidan keyin gapirgan Amerika prezidentining Milliy Xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Jeyk Sallivan aytishicha, Bayden ma’muriyati agar talab qilinsa, maxsus qattiq choralar ko‘rishga tayyorlangan.
Bular iqtisodiy sanksiyalar va NATO qo‘shinlarini mintaqaga joylashtirish va Ukrainaga mudofaa maqsadidagi texnika yetkazib berish singari qo‘shimcha choralarni nazarda tutgan.
Janob Sallivan qanday iqtisodiy sanksiyalar qo‘llanishi mumkinligi masalasiga oydinlik kiritmagan. Biroq uning so‘zlariga ko‘ra, AQSh va ittifoqchilari Rossiyadan Germaniyaga tortilgan, lekin hali ishga tushmagan "Shimoliy Oqim 2" gaz quvuri ustida bosh qotirganlar.
"Agar Vladimir Putin bu quvurdan gaz oqishini istasa, Ukrainaga bostirib kirishni istamaydi", deb aytdi Jeyk Sallivan jurnalistlarga.
Bundan oldin AQSh rasmiylari Germaniyada agar Rossiya Ukrainaga bostirib kirsa "Shimoliy Oqim 2"ni yopish borasida kelishuvga erishganlari xabar qilingan edi.
Xabarlarga ko‘ra, Rossiya banklarining rublni boshqa xorijiy valyutalarga konvertatsiya qilishlariga cheklov kiritish yoki hatto Rossiyani Swift global moliya to‘lovi tizimidan uzib qo‘yish kabi jazo choralari o‘ylab ko‘rilgan.
"Biz 2014 yilda qilmagan ishlarni endi qilishga tayyorlandik", deb aytgan AQSh prezidentining Milliy Xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Jeyk Sallivan 2014 yildagi Rossiyaning Qrimni anneksiya qilganini nazarda tutib.
Sallivan so‘zlariga ko‘ra, "Qo‘shma Shtatlar bu masalalar bo‘yicha qanday mavqe’da turganini Prezident Bayden aniq-tiniq qilib ko‘rsatgan".
Bu orada Rossiyadagi lenta.ru nashrida AQShning maqsadi Ukrainani rivojlantirish emas, balki Rossiya tomonidan SSSRning tiklanishini oldini olish ekani haqda yozmoqda:
“Rod-Aylend universitetining siyosatshunoslik professori Nikolay Petro The National Interest jurnalida chop etilgan maqolasida AQShning Ukrainaga nisbatan siyosatidagi asosiy muammoni aytdi. Uning fikricha, bu Vashingtonni Ukraina rivojlanishi uchun emas, balki undan Rossiyani “tiyib turish” uchun foydalanishdan manfaatdor ekanligidandir.
Petroning so‘zlariga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar "SSSRning qayta tiklanishiga yo‘l qo‘ymaslik" uchun Ukraina mustaqilligini saqlab qolishga intiladi, ammo AQSh rasmiylari va OAV hozirgi Ukraina jamiyatining ko‘plab yomon tomonlarini, masalan etnik millatchilik ortayotganini e’tiborsiz qoldiradi. Uning so‘zlariga ko‘ra, amerikalik elita Ukraina jamiyatining madaniy plyuralizmi va mintaqaviy xilma-xilligiga befarqlik va hatto dushmanlik ko‘rsata boshlagan” deyiladi lenta.ru xabarida.