Bayram arafasida bozorlarda narx-navo spekulyasiyasi holatlarining oldini olish bo‘yicha topshiriq berildi
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tgan videoselektor yig‘ilishida yana bir dolzarb masala – aholini oziq-ovqat mahsulotlari bilan uzluksiz ta’minlash vazifalari atroflicha muhokama qilindi.
Narx-navoning oshishi keskin tanqid qilindi. Buning oldini olish bo‘yicha qator topshiriqlar berildi.
Asosiy oziq-ovqat mahsulotlarining narxi hududlar kesimida tahlil qilindi. O‘tgan oylarda narx-navo nisbatan oshgan viloyat va tumanlar ko‘rsatib o‘tildi.
Mutasaddi idoralarga har bir hududda shtablar tashkil qilib, bozorlarda narx-navo spekulyasiyasi holatlarining qat’iy oldini olish vazifasi qo‘yildi. Ichki va tashqi bozorlarda asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari aylanmasini, narx-navosini, mavjud ehtiyoj va talablarni kunlik tahlil qiladigan idoralararo ishchi guruh tuzilishi belgilandi.
Yangi yil bayrami arafasida talab oshishini inobatga olib, rastalarni mahsulotlar bilan to‘ldirish, dehqon bozorlari va yirik savdo ob’yektlarida yarmarkalar tashkil etib, ularga tovarlarni arzonlashtirilgan narxlarda yetkazib berish muhimligi aytildi.
Jahonda oziq-ovqat mahsulotlari narxi keskin o‘zgarishi prognoz qilinmoqda. Shu bois ichki bozorga asosiy turdagi tovarlarni kafolatli yetkazib berish uchun maxsus jamg‘arma tashkil qilinib, 50 million dollar ajratilgan.
Ushbu mablag‘lar hisobidan birinchi navbatda o‘simlik yog‘i va boshqa zarur mahsulotlarni sotib olib, kamida 3 oylik zaxira yaratish bo‘yicha ko‘rsatma berildi. Xuddi shunday ishlar hokimliklar qoshida tashkil etilgan jamg‘armalar orqali ham amalga oshirilib, har bir hudud o‘z zaxirasini shakllantirishi kerakligi ta’kidlandi.
Bosh vazirga oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha barcha ishlarni muvofiqlashtirish, ichki bozorlarni tahlil qilib, ularga zarur oziq-ovqat mahsulotlarini intervensiya qilish, bu borada tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash vazifasi qo‘yildi.