Bayram archalari nega cho‘ktiriladi? Global isish sovuqlikni olib kelishi rostmi? Shimol yog‘dusi qanday yangraydi?
Go‘zal sayyoramiz qanchalik o‘rganilgan bo‘lmasin, unda har doim kishini ajablantiradigan nimadir topiladi: toshbaqalar ko‘z yoshlarini ichadigan kapalaklar yoki ko‘llar tubidagi archalar har qanday odamni lol qoldirsa kerak. AdMe.ru sizni shu va shu kabi qiziqarli savollarga javob topishga chorlaydi.
Nega kapalak toshbaqa ko‘z yoshini ichadi?
Hayvonot dunyosining yirtqich vakillari yegan go‘shti bilan birga aminokislotalar, natriy va boshqa foydali elementlarni oladi, vegetarian kapalaklar esa vitaminlarning muqobil manbasini izlashga majbur. Tabiatda bu kabi hodisa tez-tez uchrab turadi: masalan, ba’zi to‘tiqushlar loy yeydi, maymunlar esa tuproq yalaydi. Kapalaklarning toshbaqa ko‘z yoshlari bilan to‘yinganligi kabi ajoyib manzarani faqat G‘arbiy Amazoniya o‘rmonlarida ko‘rish mumkin.
Qanday qilib global isish sovuqni keltirishi mumkin?
Arktika doimiy ravishda muz qoplamini yo‘qotib bormoqda. Ilgari ko‘p kilometrlik muz quyoshni aks ettirib turgan bo‘lsa, endi uning nurlari suv ustuniga kirib, uni isityapti. Bug‘lanish natijasida issiqlik oqimlari stratosferaga yetib boradi.
Ilgari stratosferaning sovuqligi barqaror havo oqimlari bilan ushlab turilgan. Endi okeanlardan chiqayotgan bug‘lar issiqligi bu oqimlarni zaiflashtirib qo‘yayapti va ular erkingina boshqa hududlar bo‘ylab tarqalyapti. Olimlarning prognozlari unchalik optimistik emas: Arktika isishda davom etmoqda, demak sovutish effekti faqat kuchayib boradi.
Nega “Rojdestvo” archalari suv tubiga yuboriladi?
Amerikaning bir nechta shtatida o‘ziga xos ekologik loyiha boshlab yuborildi: bayramlar tugashi bilan Rojdestvo daraxtlari mahalliy suv omborlari tubiga yuboriladi. Boshqa daraxtlardan farqli o‘laroq, ignabarglilar suvga chidamli. Ularni sun’iy suv havzalari tubiga qo‘yish orqali odamlar suv osti o‘simliklarning o‘sishiga yordam beradigan va kichik baliqlar uchun boshpana bo‘lib xizmat qiladigan noyob riflarni yaratishadi. Mohiyatan inson qo‘li yaratgan ekotizim shu tarzda hosil bo‘ladi.
Shimol yog‘dusi qanday yangraydi?
Jozibali Shimol yog‘dusi nafaqat ko‘rish, balki eshitish ham mumkin bo‘lgan hodisadir. Ko‘pgina shimoliy xalqlarda bu haqda afsonalar bo‘lardi, lekin nisbatan yaqinda bu haqiqat rasmiy tasdiqlandi. Tovushlar shitirlash, shivirlash yoki xira zarbalarga o‘xshaydi.
Finlandiya olimlarining fikriga ko‘ra, bu sovuq kechalarda zaryadlangan atmosfera qatlamida hosil bo‘lib “qadalib qolgan" zarralarning ovozi. Quyosh spektrlari Yerga yetib borgach, bu zarralar tezda zaryadidan xoli bo‘ladi va o‘ziga xos chirsillagan ovozlar eshitiladi.
Bir qoshiq moy to‘lqinlarni tinchlantirishi mumkinmi?
Bir osh qoshiq o‘simlik moyi bir necha kvadrat metr maydondagi to‘lqinlarni tinchlantirishi mumkin. Yog‘ kislotalari molekulalari suv yuzasiga tushganda, ular yuzaga nisbatan juda katta maydonni egallab, bir qatlamda tiziladi. Bunday “parda” ulkan to‘lqinlarni to‘xtata olmaydi, lekin bu kichik to‘lqinlarni tinchlantirish uchun yetarli. Shamol suvni qo‘zg‘atish o‘rniga bor kuchini yog‘li gilamni haydashga sarflaydi.
B.Muhammadiyeva tayyorladi.