Bedarak yo‘qolgan Janubiy Koreya fuqarosi Shimoliy Koreyada otib tashlangan

Shimoliy Koreya chegarasi yaqinidagi suv havzasida navbatchilik qilayotgan vaqtda bedarak yo‘qolgan Janubiy Koreya baliqchilik nazorati xodimi Shimoliy Koreyada otib tashlandi. Bu haqda Janubiy Koreya mudofaa vazirligi ta’kidladi.

Ilgariroq G‘arbiy dengiz (Sariq dengiz)dagi baliqchilik nazorati  kotibi, 47 yoshli xodim 21 sentyabr kuni tushdan keyin Janubiy va Shimoliy Koreya o‘rtasidagi hududiy suv chegaralari o‘tadigan Kichik Yonpxyon orolida, tekshiruv kemasida navbatchilik qilayotgan vaqtda g‘oyib bo‘lganligi haqida xabar berilgan edi. Hamkasblari uni tushlikka kelmaganidan so‘ng katerdan yo‘qolib qolganligini ma’lum qilishdi. Palubada erkakning faqatgina poyabzali qolgan edi.

“Razvedka ma’lumotlarini sinchkovlik bilan tahlil qilish natijasida harbiylar Shimoliy Koreyada suvdan topilgan fuqaromiz otib tashlanib tanasi yoqib yuborilganini tasdiqladi. Biz Shimoliy Koreyaning bunday vahshiyligini qat’iy qoralaymiz va vaziyatga izoh berilishi hamda  aybdorlar jazolanishini talab qilamiz. Sodir bo‘lgan voqealar uchun barcha javobgarlik Shimoliy Koreya bo‘ynida ekanligi haqida qat’iy ogohlantiramiz”, deb ta’kidladi shtab boshliqlari qo‘shma qo‘mondonligi rahbari An Yon Xo.