Behbudiy deydilar…

“ Boku ...hiyla vus’at topib, imoratlari besh-olti tabaqag‘acha yuksalibdur... Boku Rusiyaning obodonlik jihatidan beshinchi shahri bo‘lib, ammo musulmon davlatligining ko‘pligi ila Rusiyada ikkinchi shahardur. Chunonchi, munda yuz milyo‘n so‘mlik mulku sarmoyag‘a doro (ega) bir necha musulmonlar bo‘lub, milyo‘n sohibi musulmonlar yana ortuqroq...bo‘lub shaharning aksari mulki musulmonlar qo‘lidadur. Olloh ziyoda etsun! Bul shaharning yeridan naft (neft. Barcha izohlar bizniki - N.R.), boshqa til ila, oltun chiqur. Bu kun mehnatkash bir kishining yeridan naft chiqsa, ertag‘a milyo‘nchi og‘a bo‘lur...
“Mo‘’tabar sado” va “Iqbol” jaridalari idoralari hamda muridi muhtaramlari Hoshimbek Vaziruf ila Sodiqiyni ziyorat etdim. Idoralarining ahvoli zohiriyasini nihoyatda tang va mashaqqatda ko‘rdum... Bechora mudir va muharrirlarning biri qorong‘u yerto‘lada, digari (boshqasi) tor va issig‘ bir do‘konda murattablari (xodimlari) ila umr o‘tkazurlar ekankim, manga ko‘b ta’sir etdi”.

***

“... muning olti yuz chaqirimi (Kavkaz - N.R.) komilan musulmon yerlari ham nihoyatda manbit (ko‘kalamzor) va a’lo yerlardurkim, arpadan sholig‘acha ekilgan va aksariyati bahorikori. Daraxtlari u qadar ko‘pki, Samarqandning Qaradaraxtu Miyonkoli anga nisbatan hechdur. Xalqi bizning pirsiyon, lazgi, dog‘istoniy degan xalqlar bo‘lub, yana doxilan chechen, qumuq va boshqa ismlar ila atalur. Biz turkistoniylar topganimizni to‘y, o‘luk va ko‘pkarig‘a sarf qilgandek, bu musulmon qarindoshlarimizning aksari o‘z molini qiz olib qochib, janjoliga sarf etmoq, bir-biravlarini o‘ldurub, yana qasosi nomashru’ tariqida tarafayndan bir nechalab o‘ldurub, so‘ngra bor pullarini sudu sinod yo‘lig‘a va umrlarini Sibiriyo cho‘llarig‘a sarf qilib, nobud bo‘lar ekanlar”.

* * *

“Bu ma’dan suvlarg‘a (Krasnovskiy - N.R.) har nav’ kasallar kelur. Qartaygan, bir musht ila oxiratga ko‘chadurg‘on muysafid boylar, boshi qaltiraydurg‘on chollar, holsiz generallar, binnisi (burni)dan tutsang, joni chiqadurg‘on sil va qonsizlar, ko‘p o‘qugon, miyasi achigan talabalar va muallimlar...”

* * *

“Bu shaharda (Rostov - N.R.) besh mingdan ziyod musulmon bo‘lub, muning 300 qadari turkiyalik musulmonlar, ammo o‘zlarining maktablari yo‘q. Munda Turkiya davlatining ko‘nsulxonasi va imomi bordur. Tasodifan imom afandi ila muloqot etduk. Yerli musulmonlardan faqat 20 qadar oilaning mulki bo‘lub, bashqasi tamoman ijoranishin emishlar. Musulmonlar ekki mahalla bo‘lub, biri ijora olingan o‘sha uyda namoz qilur. Digarining yangi solingan masjidi bor. Ammo biz musulmonlarni na din va na dunyoga ahamiyat bermaganimiz uchun shuvoqsiz va usti tomadurg‘on holida qolib, bir tarafida namoz qilurlar...”

Mahmudxo‘ja Behbudiyning “Qasdi safar” asaridan

Nusrat RAHMAT tayyorladi.