Behbudiy Jomboydagi 28-maktabning tashkil etilishida bosh-qosh bo‘lgan
Samarqandda buyuk ma’rifatparvar, dramaturg, publitsist, jamoat arbobi, jadidchilik harakati yetakchilaridan biri Mahmudxo‘ja Behbudiy tavallud topgan kun keng nishonlandi.
Viloyat pedagoglarni yangi metodikalarga o‘rgatish milliy markazining barcha guruhlarida darslar Behbudiy hayoti va faoliyatiga bag‘ishlangan ma’naviyat soati bilan boshlandi.
Shundan so‘ng taniqli yozuvchilar, olimlar, professor-o‘qituvchilar, Behbudiyning nevara-evaralari va keng jamoatchilik vakillari ishtirokida ma’rifatparvar olimning haykali poyiga gullar qo‘yildi.
Sanaga bag‘ishlangan tadbirlar “Mahmudxo‘ja Behbudiy – buyuk ma’rifatparvar siymo” mavzusidagi ma’naviy-ma’rifiy kecha bilan davom etdi.
- 25 yildan beri 19 yanvar kuni ushbu pedagogik markazda bobomni xotirlab, tadbir tashkil etish an’anaga aylandi, - deydi Shohruh Behbudiy. – Har gal bunday tadbirdan bobom haqida bir yangilik topib qaytaman. Bugun ham ishtirokchilarning ma’ruzalarini tinglab, ko‘nglim tog‘dek ko‘tarildi. Ayniqsa, professor M.Tursunovaning so‘zlari, ya’ni bobomning nafaqat Samarqand shahri, balki viloyatning turli hududlaridagi maktablar faoliyatini rivojlantirishda qo‘shgan hissasi, xususan, Jomboy tumanidagi 28-maktabning tashkil etilishida bosh-qosh bo‘lganligi haqidagi ma’lumotlar meni to‘lqinlantirdi.
Tadbir doirasida pedagogika markazi tinglovchilari o‘rtasida Behbudiyning tanlangan asarlar to‘plamiga bag‘ishlab tashkil etilgan “Bir haftada bir kitob” nomli tanlov g‘oliblarini taqdirlash marosimi ham o‘tkazildi.
Markaz tinglovchilari tomonidan ijro etilgan kuy-qo‘shiqlar va teatrlashtirilgan tomoshalar tadbirga fayz kiritdi. Shuningdek, ishtirokchilarning Behbudiy uy-muzeyiga sayohati ham uyushtirildi.
Viloyat pedagoglarni yangi metodikalarga o‘rgatish milliy markazi axborot xizmati.