Behbudiy o‘z davrida o‘zbek tilini davlat tili sifatida tan olinishi uchun kurashganmidi?

1918 yilda Behbudiy til masalasini yangi ma’murlar oldiga qo‘yib, Turkistonda turkiy tillar ichida o‘ziga xos nufuzga ega bo‘lgan o‘zbek tili davlat tili sifatida tan olinishini taklif qiladi...

XX asrning birinchi choragida faoliyat ko‘rsatgan Mahmudxo‘ja Behbudiy, Abdurauf Fitrat, Munavvar Qori, Ashurali Zohiriy, Qayum Ramazon, Shokirjon Rahimiy, Mahmudxo‘ja Behbudiy, G‘ozi Olim, Mannon Ramz, Abdulla Yo‘ldosh, Yoqub Omon, Vaddud Mahmud, Abdulla Avloniy, Sanjar Siddiq, Shorasul Zunnun, Hoshim, Botu, Elbek singari ziyolilarimiz ona tilimiz taraqqiyoti rivojiga o‘zlarining munosib hissalarini qo‘shishgan. Ularning til madaniyati haqidagi fikrlari nafaqat o‘z davrida, balki bugun ham katta ahamiyat kasb etadi.

Ana shunday jonkuyar ziyolilardan biri Mahmudxo‘ja Behbudiy hisoblanadi. U jahonga o‘zbek milliy madaniyati, maorifi, tilini, urf-odati an’analarining nufuzini amaliy va ilmiy jihatdan tengsizligini o‘z darslik, dastur, monografiya va maqolalarida zo‘r jur’at va shijoat bilan ko‘rsata olgan fan va davlat arbobi edi.

Mahmudxo‘ja Behbudiy kishilarning tarixan tashkil topgan barqaror birligi - Turkistonda yashovchi millat yoki elatlarning umumiy fikr almashish va muloqot vositasi, muhim rivojlanish omili bo‘lgan tillarni taraqqiy qildirish masalasiga alohida e’tibor berdi.

Turkistonda turkiy tilni rasmiy idora tili sifatida qabul qilish zarurligi xususida 1908 yilda rus ma’murlariga murojaat etadi. "Turkistonning musulmon aholisi, - deydi muallif, - asosan turkiyda so‘zlashadi. Janubiy tumanlarda esa yuz mingga yaqin forsiygo‘y aholi bor. Shunga qaramay ular ham turkiy tilini yaxshi biladilar. Turkistonlilar o‘rtasida tashqi ko‘rinishi, dini va tilida farq yo‘q...”.

Oradan o‘n yil o‘tgandan so‘ng, ya’ni 1918 yilda Behbudiy shu masalani yangi ma’murlar oldiga qo‘yib, Turkistonda turkiy tillar ichida o‘ziga xos nufuzga ega bo‘lgan o‘zbek tili davlat tili sifatida tan olinishini taklif qiladi.

"Sodda til nima uchun kerak? - deydi Behbudiy. - Atrofdagi qavmu qarindoshi bilan so‘zlashmoq uchun. Adabiy va ilmiy til nima uchun kerak? Mavjud ilmu fan va tarixni bilmoq va alardan foydalanmoq uchun”.

Mahmudxo‘ja Behbudiy bir maqolasini "Ikki emas, to‘rt til lozim" deb atagani, "Til masalasi" nomli chiqishida esa dunyomizning ilmu fanidan xabardor bo‘lmoq uchun yetti tildan (ya’ni rus, nemis, fransuz, ingliz, italyan, arab, yapon tillaridan) birini bilmoq kerakligini uqtirgani bizga yaxshi ma’lum.

Shuni ham uqtirmoq lozimki, ba’zi kishilar Behbudiyning til xususidagi qarashlarini tahlil etishda bitta-ikkita maqola sharhi bilan kifoyalanadilar. Xolbuki, hazratning bu boradagi qarashlari ijodiy merosining katta qismiga sochilgan va ularni dur kabi termoq, saralamoq kerak.

Mahmudxo‘ja Behbudiy  o‘zi muharrirlik qilgan “Oyina” jurnali va “Samarqand” gazetasidagi maqolalar o‘zbegu tojik tillaridan tashqari arabcha, ruschada yozilishi mumkinligini bayon etadi: “...o‘z tirikligimiz uchun alar xatini bilmoq zarur va hadisi sharif dalolatincha dasturligig‘a joyi inkor bo‘lmasa kerakdur”, deya fatvo bergan.

 “Yana bir til va xat borki - deydi Behbudiy boshqa bir o‘rinda - butun olam aning ila so‘ylashur.Ul faransi tili va xatidur”. Bu bilan Behbudiy yoshlarni xorijiy tillarni o‘rganishga da’vat etadi. Zarurat tug‘ilganda hatto yahudiy tilini o‘zlashtirishga sha’riy yo‘l ochib bergani yozadi. Bu fikr asossiz emasligini tasdiqlash uchun “Sahihi Buxoriy”dan hadis keltiradi: “Janobi payg‘ambar o‘z sahobalaridan Zayd bin Sobit(g‘a) yahudiy xatini o‘qib o‘rganmoqg‘a buyurgan ekanlar. Va ul janob Umar hazrat Nubuvvat panohi ila yahudiy xatini o‘rganib, hazrat payg‘ambarg‘a yahudiylardan kelaturg‘on xatlarni o‘qub berar ekanlar”.

M.Behbudiy maqolalaridan biriga “Har millat o‘z tili ila faxr etar” degan hikmatomuz ibora (“Oyina”, 1914, 35- son)ni sarlavha qilib qo‘yarkan, faqat g‘ururlanish, iftixor hissi yetishmasligini, “faxr etmoq” bilan birga tilning muhofaza choralarini ko‘rish lozimligini ta’kidlaydi. “Sayyohat xotiralari”da bu borada yahudiylardan ibrat olsa arzishini bayon etib, “...hammamiz eski yahudiy tili (ibroniy) o‘quymiz, - deydi suhbatdoshlardan biri. - Man o‘zim ruschadan boshqa bilmas edim. Bir yildan beri haftada ikki soat ibroniycha o‘qidim. Endi ibroniycha o‘qudim. Endi ibroniycha so‘ylayman, yozaman.” Muallif o‘sha suhbatdoshi boshqa bir falastin yahudiysi bilan ibroniycha so‘zlashgani va ”dunyodagi butun yahudiylarning endi tili birlashur” suyunganini ta’kidlashni ham unutmaydi. Yahudiylarning bunday suyunishi bilan kifoyalanmay, imkon bo‘lgan har bir vaziyatdan foydalanishni ham biladilar. “Adrnada, - deydi Behbudiy, - katta rasta va chorsularni kezdim. Ellik-oltmish do‘konda zo‘rg‘a bir musulmon lavhasi(viveskasi) ko‘rulub, aksari “Yuhanna”, “Sholom”, “Niqula”, “O‘rxaydmiyus” va amsoli yahudiy ismlaridur”.

Mahmudxo‘ja Behbudiyning til xususidagi qator asarlari bugungi kunda ham ahamiyatini yo‘qotgani yo‘q. Masalan, “Kitob-ul atfol”(Bolalar maktubi) asari o‘z davrida bir necha marta nashr etilgan edi. Bu kitobga qirqqa yaqin forsiy va insholardan namunalar kiritilgan. Shahodatnoma va boshqa ish yuritishga doir hujjatlar yozishni o‘rganishdan ta’lim beradi hamda namunalar keltiradi. Volostnoyxona, qozixonada yoziladigan hujjatlar mana shu kitob orqali o‘rgatilgan. Yosh va kattalarga mo‘ljallangan bu to‘plam bugun ham Davlat tilida ish yuritishda juda qo‘l keladi.

“Kitob-ul atfol” ilk o‘zbek maktablari uchun tuzilgan darslik sifatidagina emas, ayni paytda til yozuv, madaniyatimiz taraqqiyoti nuqtai nazaridan muhim ahamiyatga molikligini adabiyotshunoslar B.Qosimov va U.Dolimov ham alohida ta’kidlaydi. “Punktuatsiyaning bizda qachondan qo‘llangani haqida mutaxassislar orasida hali hanuz tortishuvlar yuradi, deb yozadi ular. Inqilobgacha u bo‘lgan emas, deguvchilar ham topiladi. Ba’zilar “Turkiston viloyatining gazeti”da ayrim tinish belgilar ishlatilgan, deyish bilan cheklanadilar. Behbudiy esa “Kitob-ul atfol”ida tinish belgilar (“rumuz”)ning o‘ntasini keltiradi”.

Mahmudxo‘ja Behbudiy davr tilining murakkabligini, eski o‘zbek adabiy tili, umumturkiy til va hozirgi o‘zbek tiliga xos birliklarning aralash holda qo‘llanishini o‘z vaqtida to‘g‘ri anglay oldi va bundan to‘g‘ri xulosa chiqaradi. U yangi adabiy til vujudga kelishi uchun til birliklarining yangicha munosabat kasb etishiga zamin hozirlaydi. Ya’ni, og‘zaki so‘zlashuv tiliga xos til birliklarning adabiy tilga kiritilishiga harakat qildi. Bu bilan adabiy til, badiiy, so‘zlashuv va publitsistik nutqlarning sintezlashuviga, ya’ni yagona adabiy til yaratilishiga ma’lum darajada hissa qo‘shdi.

Murodqosim Abdiyev,

Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazining Samarqand bo‘linmasi rahbari.