Besh marta o‘g‘irlik qilgan fuqaro yana qamaldi
Ayni qirchillama yoshida o‘g‘irlikni o‘ziga kasb qilganlar haqida eshitsang, “nahot, otalik, farzandlik burchini bajarishni o‘ylamadi yoki ota-onasining, yaqinlarining yuzini yerga qaratishdan uyalmadi?” degan o‘y keladi xayolingga.
Sudlanuvchi Erkin Qosimov (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) muqaddam besh marta o‘g‘irlik jinoyati sodir etgani uchun sud tomonidan tegishli jazolar tayinlangan. Oxirgi marta 2002 yilda o‘g‘irlik va bosqinchilik jinoyatlari uchun 15 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilingan. 2017 yil jazoni to‘liq o‘tab, ozodlikka chiqqan.
E.Qosimov ozodlikka chiqqach, 70 yoshni qarshilagan ota-onasi “o‘g‘lim endi jinoyat sodir qilmaydi, bizga suyanchiq bo‘ladi” deb o‘ylab, yaxshi niyatlar bilan to‘y qilib, uni uylantirib qo‘yishadi. Lekin E.Qosimov qari ota-onasi koriga yaramasdan, biron-bir foydali mehnat bilan shug‘ullanmasdan, kunini spirtli ichimlik iste’mol qilib o‘tkaza boshlaydi.
Kunlarning birida E.Qosimov Samarqand shahar “Siyob dehqon bozori”da aylanib yurib, spirtli ichimlik iste’mol qilmoqchi bo‘ladi. Ammo cho‘ntagida aroqqa yetadigan puli yo‘q. Nima qilishni bilmay, unda o‘g‘irlik qilib pul topish istagi paydo bo‘ladi va o‘ziga o‘lja qidira boshlaydi.
E.Qosimov bozordagi 39-do‘konning oldida turgan yangi velosipedni ko‘rib qoladi. U velosipedning oldiga borib, atrofdagilarga e’tibor bermasdan, xuddi o‘zinikidek haydab ketadi. “Yangi bozor” oldida bir notanish fuqaroga otasini davolatish uchun pul juda zarurligini aytib, fuqaroni ishontiradi va velosipedni 250.000 so‘mga sotib yuboradi.
E.Qosimov yana “Siyob dehqon bozori”ga qaytib kelib, o‘g‘irlik bilan topgan puliga bozor hududidagi oshxonalarning birida ulfatlarini spirtli ichimliklar bilan mehmon qilayotgan vaqtida qo‘lga olingan.
Sud tomonidan E.Qosimov bir necha bor o‘g‘irlik qilgani, jazoni o‘tab chiqqan bo‘lsa-da, o‘ziga kerakli xulosa chiqarmagani, yana bir bor qasddan jinoyatga qo‘l urganligi inobatga olinib, tegishli tartibda ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Jinoyatga jazo muqarrar. Ammo ota-ona, farzandlarda nima ayb? Ularning ertasi endi nima bo‘ladi? Shu kabi savollar bizni o‘ylantiradi, mushohada qilishga chorlaydi. Zero, hammasi boshqacha bo‘lishi ham mumkin edi.
Muhiddin TO‘XTAYeV, jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand viloyati sudi sudyasi. Shohruh MIRZAAHMEDOV, jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudi sudyasi.