Besh marta sudlangan ona yana sudlanishi mumkin...

Qonunchiligimizga ko‘ra, ota-ona farzandlar tarbiyasida birdek mas’ul. Agar ular ajrashadigan bo‘lsa, bolani (yoki bolalarni) olib qolgan tomonga ikkinchi tomon aliment puli to‘laydi.

Fuqarolik ishlari bo‘yicha Toyloq tumanlararo sudining sud buyrug‘iga asosan qarzdor Z.R. tomonidan undiruvchi Z.T.ning foydasiga to‘rt nafar farzandining voyaga yetgunlariga qadar moddiy ta’minoti uchun har oydagi ish haqi va boshqa daromadlarining ikkidan bir qismi miqdorida aliment pulini to‘lab borishi belgilangan.

Qarzdor Z.R. ya’ni bolalarning onasi muqaddam besh marotaba O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 122-moddasi bilan sudlangan bo‘lishiga qaramasdan, o‘ziga tegishli xulosa chiqarib olmasdan, aliment pullarini to‘lashdan qasddan bo‘yin tovlab kelgan.

Shu sababli, Urgut tuman ma’muriy sudining qarori bilan Z.R.ga O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 474-moddasi bilan eng kam ish haqining 20 baravari miqdorida jarima jazosi tayinlangan.

Shundan so‘ng ham fuqaro Z.R. tayinlangan ma’muriy jazodan o‘ziga tegishli xulosa chiqarmasdan, voyaga yetmagan farzandlarini moddiy ta’minlashdan qasddan muttasil bo‘yin tovlab kelib, bugungi kunga qadar uning aliment to‘lovlaridagi qarzdorligi 6 mln. 977 ming so‘mni tashkil etgan.

Mazkur holat yuzasidan Byuroning Urgut tuman bo‘limi tomonidan fuqaro Z.R.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 122-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.

Majburiy ijro byurosi

Urgut tuman bo‘limi.