Besh viloyat Sanitariya-epidemiologiya xizmati mutasaddilari tomonidan 1 mlrd. 750 mln. so‘mdan ziyod mablag‘ talon-taroj qilingan

– Koronavirusga qarshi kurash tadbirlari uchun ajratilayotgan mablag‘lar, aniqrog‘i Inqirozga qarshi kurash jamg‘armasi mablag‘lari talon-taroj qilinayotgani bizni tashvishlantirmoqda, dedi Senat Raisi Tanzila Norboyeva.

Xususan, Andijon, Buxoro, Qashqadaryo, Navoiy, Namangan viloyatlaridagi Sanitariya-epidemiologiya xizmati mutasaddilari tomonidan umumiy hisobda jamg‘armaning 1 mlrd. 750 mln. so‘mdan ziyod mablag‘i talon-taroj qilingani masalaga jiddiy e’tibor qaratishni taqozo etadi.

Davlatimiz rahbari tomonidan xalqimiz salomatligini asrash, inqirozdan imkon qadar tezroq va talofotlarsiz chiqish uchun ne-ne mashaqqatlar bilan mablag‘lar jalb etilayotgan bir sharoitda o‘z nafsining quliga aylangan, ayrim kaltabin mansabdorlar tomonidan korrupsiyaga qo‘l urilayotganini hech qanaqasiga oqlab bo‘lmaydi.

Yuqorida aytib o‘tilgan xato va kamchiliklarni bartaraf etishga biz ham birdek mas’ulmiz. Nazoratni qattiq olib borishimiz, ijro organlariga qat’iy talablar qo‘yishimiz kerak.